Jadidlar haqida keng tarqalgan noto‘g‘ri tasavvurlardan biri - ular diniy ta’limga qarshi bo‘lgan, degan fikr. Aslida yangi usul maktablarida Qur’on o‘qish va islom asoslarini o‘rgatish davom etgan. Farq usulda edi.
Aslida ko‘plab jadidlar diniy ta’lim olgan, ayrimlari qori, mudarris, mufti yoki qozi oilasidan chiqqan. Ular Qur’on va islom asoslarini o‘qitishni bekor qilish emas, bolaga tushunarli usulda o‘rgatishni talab qildilar. Behbudiy mufti bo‘lgan, Munavvarqori madrasa ta’limini olgan, Shakuriyning otasi imom, onasi esa qizlar maktabini boshqargan. Bu ma’lumotlar jadidchilik bilan diniy an’ana o‘rtasidagi munosabat oddiy qarama-qarshilikdan ancha murakkab bo‘lganini ko‘rsatadi.
Tasavvur qiling: bola matnni yoddan ayta oladi, ammo oldiga notanish matn qo‘yilsa, uni o‘qishga qiynaladi. XIX asr oxiridagi an’anaviy maktablarda ta’limning muhim qismi yod olishga asoslangan edi. O‘quvchilar arab yozuvidagi matnlarni takrorlar, diniy asarlarni o‘rganardilar.
Jadidlar diniy qoidalarni faqat yodlatish emas, ularning mazmunini tushuntirishga intilgan. Bola harfning tovushini tushunishi, so‘zni o‘zi o‘qishi va o‘qiganining mazmunini anglashga intilishi kerak edi. huning uchun jadidlar uchun masala shunchaki tezroq o‘qitish emas, savod tushunchasini o‘zgartirish edi.