“Manas” ordeni: tarixiy yaqinlashuvning yuksak e’tirofi

30.07.2026 21:34
2341

Xalqaro diplomatiyada har bir mukofotning o‘z ma’no mazmuni bor desak adashmaymiz. Ayrim ordenlar bir shaxsning xizmatlarini alohida e’tirof etsa, ayrimlari ma’lum bir davrda davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarda burilish yasagan siyosiy o‘zgarishlarning ramziga aylanadi. Shu ma’noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasining I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlanishi ham tarixiy voqeadir.

Bu yuksak mukofot bir tomondan keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida qaror topgan ishonch muhiti, qardoshlik rishtalari mustahkamlanishining e’tirofi bo‘lsa, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyoda aynan davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va tashabbusi bilan xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan yangi siyosiy muhit shakllanganining haqli tarzda tan olinishi desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, bugun Markaziy Osiyoda kechayotgan o‘zgarishlar haqida gap ketganda, eng avvalo, mintaqada ishonch muhitini tiklash, o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, albatta. Uning ortida kuchli siyosiy iroda va  ortga qaytmas islohotlar turibdi.

Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida nafaqat davlat chegaralari, balki odamlar ongida ham ko‘rinmas chegaralar paydo bo‘lganini ko‘ramiz. Ular rasmiy hujjatlarda qayd etilmagan bo‘lsa-da, odamlarning erkin muloqotiga, qarindosh-urug‘lar bordi-keldisiga, tadbirkorlik aloqalariga, madaniy hamkorlikka to‘siq bo‘lib kelgan edi. Ayrim chegara postlaridagi uzun navbatlar, transport qatnovidagi cheklovlar, yillar davomida bir-birini ko‘rmagan qarindoshlar - bularning barchasi o‘sha davrning achinarli manzarasi edi.

2016 yildan boshlab O‘zbekiston tashqi siyosatida mutlaqo yangi yondashuv shakllandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoni mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. Bu shunchaki diplomatik bayonot emas, balki amaliy harakatlar dasturi edi.

Davlat rahbarining qo‘shni mamlakatlarga amalga oshirgan ilk rasmiy tashriflari, muntazam siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish tashabbusi, bahsli masalalarni muzokaralar orqali hal etishga chaqiriqlari mintaqada butunlay yangi muhitni shakllantirdi. Eng muhimi, ko‘p yillar davomida aytishga botinolmay kelingan muammolar ochiq muhokama qilina boshlandi.

Bu ishonch esa xalqlar qalbidagi ko‘rinmas chegaralarni, ta’bir joiz bo‘lsa, muzlarni ham asta-sekin erita boshladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari ana shu siyosatning eng yorqin namunasidir. Bir vaqtlar chegara masalalari munosabatlarning asosiy muammosi sifatida tilga olinar edi. Bugun esa ikki mamlakat qo‘shma investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi, transport yo‘laklari, energetika, turizm va madaniy aloqalarni rivojlantirish haqida gapirmoqda.

Bu o‘zgarish bir kunda sodir bo‘lgani yo‘q. Uning asosida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan muloqoti yotadi.

Ayniqsa, davlat chegarasi masalasida erishilgan kelishuvlar nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqa barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Chunki chegara faqat xaritada chizilgan chiziq emas. U insonlar taqdiri, iqtisodiyot, xavfsizlik va kelajak bilan bog‘liq masaladir.

Bugun Farg‘ona vodiysida yashovchi minglab oilalar uchun chegara avvalgidek to‘siq emas, balki bog‘lovchi omilga aylanib bormoqda. Qarindoshlar bemalol uchrashmoqda, tadbirkorlar yangi bozorlarga chiqmoqda, talabalar almashinuv dasturlarida ishtirok etmoqda. Bu o‘zgarishlarning ortida esa siyosiy qarorlar va uzoqni ko‘zlagan islohotlar turibdi.

1996 yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining eng oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. U davlatchilikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvga munosib hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur mukofot Prezident Shavkat Mirziyoyevga aynan Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi xizmatlari uchun berilganini anglash qiyin emas.

Chunki bugun Toshkent va Bishkek munosabatlari oddiy diplomatik aloqalardan ancha yuqori bosqichga ko‘tarildi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ittifoqchilik maqomiga ega bo‘ldi. Bu esa tashqi siyosatda  muhim jihatlardan hisoblanadi.

Har qanday siyosiy kelishuvni hukumatlar imzolaydi. Ammo uning haqiqiy samarasini xalq his qiladi.

Bugun ikki qardosh mamlakat fuqarolari bir-birini yaqinroq taniy boshladi. Chegaraoldi bozorlari yana gavjumlashdi. Qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda. Turizm rivojlanmoqda. Ilm-fan va madaniyat sohasidagi aloqalar kengaymoqda. Bu natijalar rasmiy statistikada raqam sifatida aks etishi mumkin, lekin eng muhimi ularning haqiqiy qiymati insonlar hayotida namoyon bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, “Manas” ordeni o‘tgan qariyb 10 yil davomida amalga oshirilgan mashaqqatli ammo samarali mehnatning, mislsiz o‘zgarishlarning, qardosh xalqlarni birlashtirgan siyosiy irodaning va umumiy kelajak sari qo‘yilgan dadil qadamlarning yuksak e’tirofidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish