Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar

04.09.2026 17:30
5088

Keyingi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromad manbalari bilan ta’minlash, mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarini yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Maqsad inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, fuqarolarning iqtisodiy faolligini oshirish orqali xalqimiz uchun farovon hayot sharoitlarini yaratish masalalari davlatimiz rahbarining doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.

Jumladan, Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Unda belgilangan vazifalar mazmun-mohiyatidan ham ko‘rinib turibdiki, endi asosiy e’tibor hududlar salohiyatidan samarali foydalanish orqali kambag‘allikni qisqartirishni uzoq muddatli va barqaror iqtisodiy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.

Qayd etish joizki, keyingi paytda mahallalar darajasida iqtisodiy imkoniyatlar kengaytirilgani, hududlarga keng vakolat, moliyaviy resurs va infratuzilmaviy sharoitlar yaratilayotgani, shuningdek, oilalar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Ayniqsa, aholiga eng yaqin bo‘g‘in – mahallalarda muammolarni aniqlash, har bir oilaning ehtiyoji va imkoniyatini o‘rganish hamda unga mos yechim taklif etilayotgani ehtiyojmand oilalarga davlat ko‘magi manzilli yetib borishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi natijalar e’tiborga molik. Xususan, yil boshida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 5,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafarga kamaydi.

Shuningdek, 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib bormoqda. Bu jarayon hududlarning iqtisodiy salohiyatini ishga solish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aholini doimiy daromadga ega qilish bo‘yicha ishlar izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Albatta, ushbu raqamlar ortida inson taqdiri, ko‘plab oilalarning o‘zgargan hayoti, yangi ish o‘rni, qo‘shimcha daromad manbai, tadbirkorlik boshlagan fuqaro yoki farzandining kelajagiga ishonch bilan qaray boshlagan ota-ona turibdi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish borasidagi ishlarni yangicha tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdilar. Ularning ahamiyati shundaki, mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish bilan bir qatorda, kambag‘allikni qisqartirish jarayoniga yangicha yondashuv va zamonaviy boshqaruv usullarini olib kirishni nazarda tutadi.

Eng muhimi, bugun O‘zbekistonda kambag‘allikka munosabatning mazmuni o‘zgarmoqda. Endilikda aholiga faqat moliyaviy resurs berish bilan cheklanib qolmay, bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini qamrab olgan kompleks yechim taklif etiladi. Ya’ni ehtiyojmand oilaga bir martalik yordam ko‘rsatishdan ko‘ra, uning o‘z kuchiga tayanib, barqaror daromad topishi uchun shart-sharoitlarni yaratish ustuvor vazifaga aylanadi. Bu esa kambag‘allikni bartaraf etishda «yordam oluvchi» emas, balki «imkoniyatdan foydalanuvchi va daromad yaratuvchi» tamoyilini qaror toptirishga xizmat qiladi.

Sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha bir qator yangi amaliyotlar joriy qilinadi. Xususan, har bir viloyat va tumanda maxsus shtablar tashkil etiladi. Yangi tizimning eng muhim jihati esa moliyaviy resurslar va qaror qabul qilish vakolatlarining katta qismi tuman darajasiga tushirilishi bo‘ldi. Bu tezkor va manzilli qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Shuningdek, oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkaziladi. Bu, avvalo, mablag‘ni uning eng samarali nuqtasiga yo‘naltirish, mahalladagi aniq ehtiyoj va tashabbuslarni tezkor qo‘llab-quvvatlash imkonini kengaytiradi. Eng muhimi, yangi tizim doirasida tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs berilib, mablag‘larning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilandi.

Kambag‘allikni qisqartirishda ijtimoiy himoyaning o‘rni ham juda katta. Chunki ayrim hollarda insonning mehnat qilishi va daromad topishiga faqat ish o‘rnining yo‘qligi emas, balki salomatlik, oilaviy sharoit yoki boshqa ijtimoiy masalalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini qayta ko‘rib chiqish va oilaning holatini ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tish muhim qadamdir. Bunda nafaqat oila daromadi, balki surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik, oila a’zolarining xorijda ishlayotgani va boshqa ijtimoiy omillar hisobga olinadi. Bu yangi yondashuvning mohiyatini bir so‘z bilan ifodalash mumkin: insonga imkoniyat berish.

Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining bog‘cha, o‘quv markazi, yo‘lkira va oliy ta’lim muassasasi yotoqxonasi bilan bog‘liq ayrim xarajatlarining vaucher asosida qoplanishi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Vaucherning 12 oy muddatga berilishi va oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qilishi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning barqarorligini ta’minlaydi.

Bugun kambag‘allikni qisqartirish masalasiga boshqacha yondashuv talab etilmoqda. Chunki insonga bir martalik yordam berish bilan uning muammosini to‘liq hal etib bo‘lmaydi. Muhimi, ularda o‘zini o‘zi ta’minlash, daromadini oshirish va oilasi farovonligini yaxshilash imkoniyatini yaratib berish kerak. Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ham ana shu maqsadga qaratilgan. Agar mazkur chora-tadbirlar har bir xonadonning ehtiyoji va imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilsa, kambag‘allikni qisqartirish borasida sezilarli natijalarga erishiladi.

 
 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish