O‘zbekiston va Finlyandiya ekspertlari hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi

2026-yil 10-sentyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida uning ijrochi direktori Eldor Tulyakov Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, Finlyandiya Prezidentining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Yoxanna Mariya Ogren bilan uchrashdi. Muloqotning asosiy mavzusi O‘zbekistondagi islohotlarni o‘rganish va ikki mamlakat ekspertlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘ldi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari va uning ijrosini baholashda jamoatchilik fikrining o‘rni muhokama qilindi. Eldor Tulyakov Markaz 2017-yildan buyon strategik islohotlar ijrosini tizimli kuzatib kelayotganini aytdi. Hududlarda aholi fikrini o‘rganish, ko‘tarilayotgan masalalarni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar ishlab chiqish ushbu faoliyatning muhim qismidir.
Islohotlar natijasini baholash uchun davlat organlari va ekspertlar xulosasi bilan birga fuqarolarning kundalik tajribasini ham eshitish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda Markaz davlat idoralari, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari hamda mahalliy va xorijiy ekspertlar o‘rtasida muloqotni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.

Mariya Ogren O‘zbekistonda kechayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar natijalari yaqqol ko‘zga tashlanayotganini qayd etdi. Uning fikricha, jadal islohotlar sharoitida fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish va jamoatchilikni qarorlar muhokamasiga jalb etish alohida ahamiyat kasb etadi. Elchi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining turli soha vakillari o‘rtasida muloqot o‘rnatishdagi faoliyatini ham e’tirof etdi.

Tomonlar Finlyandiyaning davlat boshqaruvi, mahalliy vakillik organlari faoliyati, raqamlashtirish, suv resurslarini boshqarish, ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi tajribasini o‘rganish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Avvalgi tashriflar davomida, jumladan, Finlyandiyada o‘rganilgan amaliyot mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda foydali bo‘lgani qayd etildi.
Muloqotda tajriba almashinuvini aniq loyihalar bilan davom ettirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Mariya Ogren Finlyandiyadagi tegishli tashkilotlar, tahliliy markazlar va ekspertlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Finlyandiya siyosiy va ekspert doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashriflari doirasida qo‘shma uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Finlyandiya ekspert-tahliliy doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashinuvini kengaytirish va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish