Dastlab siyosiy muloqot doirasida shakllangan O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari bugungi kunga kelib iqtisodiyot, transport, mehnat migratsiyasi, ta’lim va investitsiya kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan ko‘p qirrali sheriklikka aylanmoqda.
Bu jarayonda ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro muloqotlari muhim ahamiyat kasb etdi. 2025-yil sentyabr oyida Pekinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv, shuningdek, Vuchichning o‘tgan yili 28–31-oktyabr kunlari yurtimizga amalga oshirgan birinchi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab bergan edi. Tashrif doirasida imzolangan qator davlatlararo hujjatlar va sheriklik munosabatlarining rasmiylashtirilishi o‘zaro ishonchni mustahkamlash bilan birga, amaliy hamkorlik uchun huquqiy poydevor yaratdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga mavjud savdo ko‘rsatkichlari orqali baho berilsa, hamkorlik imkoniyatlarining juda kichik qismigina ishga solinganini ko‘rish mumkin. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12 million dollarni tashkil etgan. O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritayotgani ham o‘zaro iqtisodiy aloqalar hali shakllanish bosqichida ekanidan dalolat beradi.
Aslida esa ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan qator jihatlarga ega. Xususan, O‘zbekistonda to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat sanoati va mashinasozlik kabi tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Serbiya esa ishlab chiqarish sohasidagi tajribasi, Yevropa bozori bilan iqtisodiy aloqalari va turli erkin savdo mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari bilan ajralib turadi.
Shu ma’noda, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni oddiy eksport-import munosabatlari bilan cheklab qo‘yish unchalik to‘g‘ri emas. Uning eng katta istiqboli qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologiya va tajriba almashish hamda tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqishda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bu model O‘zbekiston uchun qo‘shilgan qiymatli yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirish imkonini bersa, Serbiya uchun Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan bozoriga kirishda yangi eshiklarni ochadi. Demak, o‘zaro hamkorlikning kelgusi bosqichida asosiy vazifa savdo hajmini shunchaki oshirish emas, balki uning sifatini o‘zgartirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, eksport turlarini diversifikatsiya qilish va biznes uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratiladi.
Mamlakatlarimizni uzoq masofa ajratib turadi. Lekin bu hamkorlikka to‘siq bo‘la olmaydi. Shu nuqtai nazardan, Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi alohida ahamiyatga ega. Bunday qatnov nafaqat ikki davlat poytaxtlari o‘rtasidagi harakatlanishni yengillashtiradi, balki ishbilarmonlik muloqotlari, turizm, investitsiyaviy aloqalar va gumanitar munosabatlarning jadallashishiga ham xizmat qiladi. Qolaversa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ikki mamlakat tadbirkorlari, investorlari va mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘rni kelganda, temir yo‘l yo‘nalishidagi hamkorlikning istiqboli haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Xususan, Markaziy Osiyo bilan Bolqon mintaqasi o‘rtasidagi transport bog‘lamlarini yanada kuchaytirish O‘zbekistonning xalqaro logistikadagi o‘rnini mustahkamlashga, Serbiyaning esa Markaziy Osiyo bilan aloqalarini kengaytirishga zamin yaratadi. Shu bois transport masalasi ikki davlat munosabatlarida oddiy infratuzilma loyihasi emas, balki savdo va investitsiya oqimlarini harakatga keltiruvchi strategik vosita sifatida qaralmoqda.
Shu o‘rinda ikki davlat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlash joiz. O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish sohasida yetarlicha tajribaga ega mamlakatlardan biridir. Xususan, migratsiya sohasida 23 ta davlat bilan 48 ta kelishuv tuzilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Serbiya bilan ham mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish ikki tomon uchun ham birdek muhim. Bu, eng avvalo, qonuniy va tartibga solingan mehnat migratsiyasi, kasbiy tayyorgarlik hamda malakali kadrlar almashinuvini ta’minlaydi.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidir. Serbiya bilan bu borada yaqin hamkorlik imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Ayniqsa, muhandislik, axborot texnologiyalari, amaliy fanlar va innovatsiyalar yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish ikki mamlakatning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltiradi.
Bunday aloqalarning natijasi bir-ikki yilda emas, balki o‘n yillar davomida o‘z natijasini beradi. Bugun birga tahsil olgan yoshlar ertaga ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi biznes, ilm-fan va madaniy loyihalarning tashabbuskorlariga aylanadi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan siyosiy ishonch va mustahkam huquqiy asos ikki davlat munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Endi asosiy e’tibor ushbu imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish, savdo va investitsiya hajmini oshirish, transport aloqalarini kengaytirish, mehnat migratsiyasi, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 7–8-sentyabr kunlari Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan ushbu mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ham ana shu jarayonning mantiqiy davomidir. Zero, ikki mamlakat munosabatlarining bugungi bosqichida gap endi aloqalarni yangidan boshlash haqida emas, balki o‘zaro ishonch asosida shakllanib borayotgan munosabatlarni kelgusida barqaror, uzoq muddatli va natijador sheriklikka aylantirish haqida bormoqda. Ushbu hamkorlik rishtalari nafaqat Toshkent va Belgrad, balki Markaziy Osiyo va Bolqon o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga ham xizmat qiladi.