Inson salomatligi - jamiyat farovonligi, mamlakat taraqqiyoti va xalqning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini belgilaydigan eng muhim mezonlardan biridir. Zero, sog‘lom insongina oilasi baxtini ko‘radi, jamiyat hayotida faol ishtirok etadi, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadi. Shu ma’noda, tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar bugungi islohotlarning yangi bosqichini ifoda etadi. Unda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy tibbiyot standartlarini joriy etish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shifokorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish va sohaga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish kabi muhim masalalar qamrab olindi.
Senator sifatida ushbu tashabbuslarni, eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan vazifalar sifatida baholayman. Ayni paytda ularning samarasi qabul qilingan qarorlarning hududlarda qay darajada izchil amalga oshirilishi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi va aholi hayotida qanday o‘zgarishlar yuz berishi bilan belgilanadi.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda 10 million aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirilgani, 58 mingta shifo o‘rni yaratilgani tibbiy infratuzilmani kengaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Zamonaviy tibbiyot muassasalarining ko‘payishi va xususiy sektorning rivojlanishi natijasida tibbiy xizmatlar hajmi uch barobar oshgani ham e’tiborga molik.
Ilgari faqat xorijda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash, a’zolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab jarrohlik amaliyotlari kabi yuzdan ziyod turdagi tibbiy xizmatlarning mamlakatimizda ko‘rsatilayotgani milliy tibbiyot imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi. Biroq bugungi talab faqat yangi shifoxonalar qurish yoki zamonaviy uskunalar xarid qilish bilan cheklanmaydi. Eng muhim masala - ushbu imkoniyatlarni har bir fuqaro uchun manzilli va samarali tibbiy yordamga aylantirishdir.
Qishloqda yashayotgan inson ham, olis hududda mehnat qilayotgan oila ham, shahar aholisi ham zarur tibbiy xizmatdan o‘z vaqtida foydalanish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Demak, tibbiyot tizimining samaradorligi, avvalo, uning odamlar hayotidagi amaliy natijasi bilan o‘lchanishi kerak.
Tibbiyotda eng to‘g‘ri yo‘l - kasallikni davolash bilan birga uning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratishdir. Bu esa birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish, oilaviy shifokor institutini rivojlantirish va aholi salomatligini muntazam nazorat qilishni talab etadi.
Uchrashuvda 28 ta tumanda sinovdan o‘tkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholining oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirilgani, laboratoriyalar ishga tushirilgani, shifokor va hamshiralar o‘qitilgani ma’lum qilindi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar to‘plami doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasining bepul berilayotgani ham aholi uchun muhim amaliy ahamiyatga ega. Ushbu modelning kelgusi yildan yana 100 ta tumanda joriy etilishi birlamchi tibbiy yordam qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Menimcha, bu yo‘nalishdagi asosiy vazifa - oilaviy shifokorni faqat kasallik yuzaga kelganda murojaat qilinadigan mutaxassis emas, balki aholi salomatligini muntazam kuzatib boruvchi, profilaktika va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi ishonchli tibbiy hamkorga aylantirishdir.
Buning uchun shifokorning kasbiy malakasi, bemor bilan muloqot madaniyati, zarur tashxis vositalariga ega bo‘lishi va tibbiy yordamning uzluksizligi muhim. Aholi tibbiyot muassasasiga murojaat qilganda ortiqcha sarsongarchilikka duch kelmasligi, o‘z vaqtida malakali maslahat va davo olishi kerak. Shu bilan birga, bepul dori vositalari turini 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turini 36 taga yetkazish rejasi kafolatlangan tibbiy yordam imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bu choralarning natijadorligi ularning haqiqatan ham ehtiyojmand bemorlarga yetib borishi va tibbiy ko‘rsatmalar asosida qo‘llanilishi bilan baholanishi zarur.
Zamonaviy tibbiyotning eng muhim tamoyillaridan biri - kasallikni qanchalik erta aniqlash mumkin bo‘lsa, uni samarali davolash imkoniyati shunchalik kengayishidir. Shu nuqtai nazardan, oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash ishlarining Samarqanddan boshlanib, 2028 yildan mamlakatning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi o‘smalar va bolalardagi onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash dasturlarining davom ettirilishi ham profilaktik tibbiyot imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ayniqsa, infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash bo‘yicha beshta hududda amalga oshirilgan dastur natijasida besh oyda ushbu kasalliklardan erta o‘lim 15 foizga kamaygani, 855 nafar insonning erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolingani e’tiborga sazovor. Kelgusi yildan mazkur dasturning barcha tuman va shaharlarni qamrab olishi har bir hududda shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordam imkoniyatlarini rivojlantirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Bu borada aholining tibbiy madaniyatini oshirish ham alohida o‘rin tutadi. Inson o‘z salomatligiga befarq bo‘lmasligi, profilaktik ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tishi, kasallik alomatlari kuzatilganda tibbiy yordamga murojaat qilishi lozim. Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar aholining shaxsiy mas’uliyati bilan uyg‘unlashgandagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Tibbiy xizmat sifati faqat shifokorning bilimi yoki shifoxonaning texnik imkoniyatlari bilan belgilanmaydi. Muassasadagi sanitariya-gigiyena holati, bemor xavfsizligi, xodimlarning muomala madaniyati, tashxis va davolash jarayonlarining to‘g‘ri tashkil etilgani ham muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, ta’lim, qurilish, sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi va xodimlar madaniyatini qamrab oladigan «Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari»ni joriy etish tashabbusi tizim faoliyatiga kompleks yondashuvni anglatadi.
Bu standartlar qog‘ozdagi talablar yoki hisobotlardagi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Ular har bir shifoxona va poliklinikada kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylanishi lozim. Masalan, bemorning murojaatiga o‘z vaqtida javob berish, uning holati va huquqlarini hurmat qilish, tibbiy ma’lumotlar maxfiyligini saqlash, dori vositalarini xavfsiz qo‘llash, muassasada tozalik va tartibni ta’minlash - tibbiy xizmat sifatining bir-birini to‘ldiruvchi mezonlaridir.
Shu bilan birga, kelgusi yildan shifoxona va poliklinikalar faoliyatiga aholining o‘zi baho berishi mexanizmlarini joriy etish, shifokor va hamshiralar ish haqini belgilashda tibbiy xizmatdan qoniqish darajasini hisobga olish rejasi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan. Bunda muhim jihat shuki, aholi fikri ob’yektiv ko‘rsatkichlar bilan birgalikda baholanishi kerak. Bemorlarning qoniqish darajasi bilan bir qatorda davolash natijalari, tibbiy yordamning xavfsizligi, murojaatlarni ko‘rib chiqish sifati va kasbiy standartlarga rioya etilishi ham e’tiborda bo‘lishi zarur. Chunki adolatli baholash tizimi shifokorni ortiqcha qog‘ozbozlikka emas, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga undashi lozim.
Tibbiyotdagi har qanday yangilanishning markazida inson omili turadi. Zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish, murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish, yangi davolash usullarini joriy etish va bemor bilan to‘g‘ri muloqot qilish uchun chuqur bilim hamda amaliy ko‘nikmaga ega mutaxassislar zarur.
Bugun mamlakatimizdagi 11 ta davlat oliy ta’lim muassasasida yiliga 15 ming nafar shifokor tayyorlanayotgani kadrlar tayyorlash ko‘lamini ko‘rsatadi. Endi esa ushbu jarayonning sifat jihatlariga yanada ko‘proq e’tibor qaratiladi. Kelgusi yildan tibbiyot talabalarining haftada uch kun bemorlar bilan ishlashni o‘rganishi, bitiruvchilarning oxirgi o‘quv yilini to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyotda o‘tkazishi nazarda tutilmoqda. Bu yondashuv nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, yosh mutaxassislarning kasbiy mas’uliyatini oshirish va ularni mustaqil ish faoliyatiga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.
2027 yildan tor mutaxassisliklar bo‘yicha rezidentura ta’limining bepul tashkil etilishi va talabalarga 3 million so‘m stipendiya to‘lanishi rejasi ham malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan choralardan biridir. Shuningdek, bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot og‘alariga 1,5 million so‘m, magistraturani tugatganlarga 2,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lash ko‘zda tutilmoqda.
Bunday yondashuv tibbiyot xodimlarining bilim olishga, malakasini oshirishga va o‘z ustida muntazam ishlashga bo‘lgan rag‘batini kuchaytirishi mumkin. Ayni paytda ta’lim sifatini baholashda faqat diplom yoki o‘qish muddati emas, balki amaliy ko‘nikmalar, klinik fikrlash, tibbiy etika va bemor xavfsizligini ta’minlash qobiliyati ham asosiy mezon bo‘lishi kerak.
Kadrlar tayyorlash tizimining yana bir muhim jihati - uzluksiz kasbiy rivojlanishdir. Birlamchi bo‘g‘in va tumanlarda ishlovchi xodimlarning malaka oshirish xarajatlarini davlat tomonidan qoplash, xususiy sektor imkoniyatlaridan foydalanish shifokorlarga yangi bilim va texnologiyalarni o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi. Tibbiyot tez o‘zgarayotgan sohadir. Bugungi bilimni ertangi kungacha yangilab borish talab etiladi. Shu bois, shifokorning malaka oshirishi bir martalik tadbir emas, balki butun kasbiy faoliyati davomidagi uzluksiz jarayon bo‘lishi lozim.
Tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasi uchrashuvda alohida o‘rin tutdi. Bu bejiz emas. Shifokorning kasbiy faoliyati katta mas’uliyat, doimiy tayyorgarlik, ruhiy barqarorlik va ko‘p hollarda uzoq ish soatlarini talab qiladi.
Sohada kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun 50 milliard so‘m ajratilishi, kelgusi yilda ming nafar tibbiyot xodimining yangi uyga ko‘chib o‘tishiga ko‘maklashish rejasi ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasidir. Har yili 500 nafar yosh tibbiyot xodimining ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplash imkoniyati ham yosh kadrlarning kasbda mustahkam o‘rin egallashiga yordam berishi mumkin.
Ayniqsa, olis hududlarda tibbiy xizmatni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi zarur. Kelgusi yildan bunday hududlarda ishlaydigan shifokorlarning oylik qo‘shimcha ustamasini 4,5 million so‘mga yetkazish va u yerda ish boshlagan mutaxassislarga 50 million so‘m bir martalik rag‘bat puli berish rejasi hududlar o‘rtasidagi tibbiy xizmat imkoniyatlari tafovutini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Bu yerda asosiy maqsad faqat shifokorni muayyan hududga jalb qilish emas, balki uning o‘sha joyda barqaror ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir. Zamonaviy uskunalar, qulay ish muhiti, kasbiy rivojlanish imkoniyati, munosib maosh va yashash sharoiti birgalikda ta’minlansa, hududlarda malakali mutaxassislar salohiyatidan samarali foydalanish mumkin bo‘ladi.
Xorijiy klinikalarda tajriba orttirgan vatandosh shifokorlarni mamlakatimizga jalb etish, ularga 50 million so‘mgacha oylik ustama to‘lash, zamonaviy ish joyi va o‘z jamoasini shakllantirish imkoniyatini berish tashabbusi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Bunday mutaxassislar nafaqat bemorlarni davolashi, balki mahalliy kadrlarga ustozlik qilishi, yangi klinik yondashuvlarni joriy etishi va milliy tibbiyotda ilmiy-amaliy maktablarni shakllantirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Shifokorni qadrlash - uning mehnatini munosib rag‘batlantirish bilan birga, kasbiy sha’nini himoya qilish, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish va o‘z bilimini rivojlantirishi uchun imkoniyat berishni ham anglatadi.
Bugungi kunda sun’iy intellekt, genomika, biotexnologiyalar va raqamli monitoring tibbiyotning rivojlanish yo‘nalishlarini o‘zgartirmoqda. Bu texnologiyalar kasalliklarni erta aniqlash, tashxis qo‘yishdagi xatolarni kamaytirish, bemorlarni masofadan kuzatish va davolash samaradorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Kelgusi yildan kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda o‘nta sun’iy intellekt tizimini ishga tushirish rejasi raqamli texnologiyalarni tibbiy amaliyotga kengroq joriy etishga qaratilgan. Bemorning holatini masofadan kuzatish, nutq orqali kasallik alomatlarini aniqlash va dori-darmonlar xavfsizligini nazorat qilish kabi yechimlar shifokor ishini yengillashtirishi hamda tibbiy ma’lumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.
Biroq shuni unutmaslik kerakki, texnologiya shifokorning o‘rnini to‘liq bosuvchi vosita emas, balki uning kasbiy qarorlarini qo‘llab-quvvatlovchi yordamchi bo‘lishi lozim. Sun’iy intellekt tizimlarining ishonchliligi, tibbiy ma’lumotlarning maxfiyligi, natijalarning tekshirilishi va inson nazorati ta’minlanishi shart.
Genomika va biotexnologiyalarga oid tadqiqotlarda inson huquqlari, roziligi va qadr-qimmatini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligi haqidagi yondashuv ham ayni shu jihatdan muhimdir. Bioetika sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, xalqaro tajribadan foydalanish va genetik tekshiruvlarni mas’uliyat bilan joriy etish ilmiy taraqqiyotni inson manfaatlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi. Demak, raqamli tibbiyotni rivojlantirishda texnologik yangiliklar bilan bir qatorda huquqiy kafolatlar, axborot xavfsizligi va kasbiy mas’uliyat ham ustuvor bo‘lishi kerak.
Tibbiyot tizimining barqaror rivojlanishi davlat imkoniyatlari, xususiy sektor salohiyati va jamoatchilik ishtirokining samarali uyg‘unligiga bog‘liq. Uchrashuvda yangi tibbiyot muassasalarini aholi soni va hududlar joylashuvidan kelib chiqib master-rejalar asosida tashkil etish, davlat shifoxonalarida xususiy tadbirkorlarga zamonaviy uskunalar o‘rnatish uchun joy ajratish, ayrim xizmatlarni sug‘urta tizimi orqali moliyalashtirish masalalari belgilandi.
Gemodializ, laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlarini xususiy sektordan xarid qilishni kengaytirish ham tibbiy xizmatlar bozorida yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Bunday hamkorlikning asosiy mezoni aholi manfaati bo‘lishi shart. Xususiy sektor ishtirokining kengayishi xizmatlar sifati, qulayligi va qamrovini oshirishi, davlat mablag‘laridan esa samarali foydalanishga xizmat qilishi kerak.
Shu bilan birga, tibbiy xizmatlarning iqtisodiy jihatdan maqbulligi, ulardan aholining turli qatlamlari foydalana olishi, shartnomalarning shaffofligi va xizmat sifati ustidan nazorat ta’minlanishi muhim. Kelgusi yilda har bir hududga kamida 150 million dollar investitsiya va grant jalb qilish vazifasining belgilanishi soha infratuzilmasi va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Endi bu mablag‘lar aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, eng zarur yo‘nalishlarga maqsadli yo‘naltirilishi va natijadorligi baholanishi lozim.
Belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishida parlament va senatorlarning ham mas’uliyati katta. Chunki har qanday islohotning haqiqiy natijasi qabul qilingan qarorlar soni bilan emas, balki odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi.
Shu nuqtai nazardan, tibbiyot sohasidagi yangilanishlar yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish, hududlardagi tibbiy muassasalarning holatini o‘rganish, aholi va tibbiyot xodimlarining fikrlarini tinglash, belgilangan vazifalar ijrosini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Bunda birlamchi tibbiy yordamning aholi uchun qulayligi va samaradorligi, bepul dori vositalari hamda kafolatlangan tibbiy xizmatlarning amalda ta’minlanishi, olis hududlarda malakali kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi, shifokorlarning mehnat va ijtimoiy sharoitlari, tibbiy muassasalarda sanitariya, bemor xavfsizligi va xizmat madaniyati, davlat mablag‘lari, investitsiyalar va grantlardan maqsadli foydalanish, aholining tibbiy xizmat sifati bo‘yicha murojaatlari va takliflariga munosabat kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarur.
Bunday yondashuv islohotlarning natijadorligini xolis baholash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish imkonini beradi. Ayniqsa, hududlarda tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari bir xil emasligini hisobga olib, qarorlar qabul qilishda mahalliy sharoit, aholi ehtiyoji va mavjud infratuzilma inobatga olinishi kerak.
Prezidentning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar soha rivojidagi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ularda tibbiy yordam sifatini oshirish, kasalliklarning oldini olish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, shifokorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish va aholi manfaatlarini ta’minlash masalalari o‘zaro uyg‘un holda namoyon bo‘ladi.
Eng muhimi, tibbiyotni rivojlantirishga oid har bir qarorning markazida inson turishi lozim. Shifoxonaga kelgan bemor o‘z vaqtida malakali yordam olishi, shifokor esa o‘z kasbiy vazifasini bajarishi uchun zarur sharoitga ega bo‘lishi kerak. Qishloq yoki shaharda yashashidan, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir insonning salomatligi va qadr-qimmati birdek e’zozlanishi zarur.
Shu bilan birga, islohotlar samarasi ularning ijrosi, moliyaviy barqarorligi, shaffofligi va jamoatchilik oldidagi hisobdorligiga bevosita bog‘liq. Belgilangan vazifalarning har biri aniq natijalar, xolis baholash mezonlari va samarali nazorat bilan ta’minlansa, tibbiyot tizimidagi o‘zgarishlar aholi hayotida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Zero, shifokor mehnatini qadrlash, bemor huquqlarini himoya qilish va tibbiy xizmat sifatini oshirish - bir-biridan ajralmas vazifalardir. Sog‘lom jamiyatni shakllantirish esa davlat, tibbiyot xodimlari va fuqarolarning mushtarak mas’uliyatini talab etadi.
Prezidentimiz uchrashuv yakunida ilgari surgan «Bugun inson salomatligi uchun kechagidan ko‘ra ko‘proq nima qila oldim?» degan savol har bir tibbiyot xodimi uchun kasbiy mas’uliyat mezoni, har bir rahbar uchun esa faoliyati samaradorligini baholashga undaydigan muhim da’vatdir.
Inson salomatligiga xizmat qilish - bu nafaqat tibbiyotning, balki butun jamiyatning eng muhim vazifasidir. Ushbu vazifani amalga oshirishda tizimli islohotlar, malakali kadrlar, zamonaviy texnologiyalar va inson qadriga asoslangan yondashuv birlashsa, aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi ishlar yanada izchil davom etadi.