Barchamizga yaxshi ma’lumki, mamlakatimizda uzoq yillar davomida kambag‘allik tushunchasi siyosiy jihatdan nozik va yopiq mavzu edi. Uning o‘rniga “kam ta’minlanganlik” degan ibora ishlatib kelingan. Vaholanki, har qanday muammoni hal etishning birinchi sharti uning mavjudligini tan olishdan boshlanadi. Shuning uchun ham Yangi O‘zbekiston tarixida 2017-yil tarixiy burilish davri sifatida e’tirof etiladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki aynan shu yili xalq bilan ishlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi, inson qadri va manfaatlari islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi. Natijada kambag‘allik muammosi uning yechimiga qaratilgan tahlillarni o‘rganishdan boshlandi.
2020-yilning 24-yanvar kuni esa davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida respublikamizda kambag‘allikni qisqartirish eng dolzarb masala sifatida kun tartibiga kiritildi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi” qabul qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish Yangi O‘zbekistonning milliy siyosatiga aylangani va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun qanchalik ahamiyatli ekani yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topdi. Xususan, Bosh qonunimizning 42-moddasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi, 43-moddada esa davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi kabi yangi majburiyatlar belgilandi.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 3-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada boshlangan amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ya’ni bu jarayondagi eng muhim o‘zgarish shundaki, masalaga endi faqat mablag‘ ajratish yoki ish o‘rni yaratish nuqtayi nazaridan emas, balki insonning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi nuqtayi nazaridan yondashilmoqda.
Quyidagi raqamlar ham fikrimiz tasdig‘idir. Xususan, yil boshida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 5,8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 3,9 foizga tushgan. Ya’ni qisqa davr ichida kambag‘allik qariyb uchdan bir qismga qisqargan. Ehtiyojmand aholi sonining 2,2 million nafardan 1,5 million nafarga kamayishi esa o‘zgarishlar faqat statistik ko‘rsatkichlarda emas, balki yuz minglab oilalarning kundalik hayotida ham aks etayotganini anglatadi.
Yangi yondashuvning yana bir muhim jihati biznesni qo‘llab-quvvatlashdagi eski qarashlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati bilan bog‘liq. So‘nggi bir yilda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini to‘xtatgan. Bu har oltita yangi korxonadan taxminan bittasi o‘z faoliyatini davom ettira olmaganini bildiradi. Shuningdek, kredit olgan 62 ming nafar fuqaro qarzini qaytarishda qiynalayotgani ham biznes loyihalarini moliyalashtirishdan oldin ularning iqtisodiy asoslarini puxta baholash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Bilamiz, kredit berish insonni tadbirkorga aylantirmaydi. Tadbirkorlik uchun bozorni bilish, mahsulot yoki xizmatga talabni aniqlash, texnologiyani tanlash, hisob-kitob qilish, mahsulotni sotish va aylanma mablag‘ni boshqarish kabi ko‘nikmalar ham kerak.
Shu nuqtayi nazardan, endi aholiga “pul berish”dan “tayyor biznes yechimi berish”ga o‘tilayotgani muhim ijobiy qadamdir. Bozor, texnologiya, kasb, biznes-reja va sotuv zanjirini bir tizimga birlashtirish orqali kreditni qaytarish imkoniyati ham, loyihaning yashovchanligi ham oshadi.
Yangi tizimdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri - resurs va vakolatlarni tuman darajasiga tushirishdir. Tuman shtablari ixtiyoriga jami 3,2 trillion so‘m resurs berilishi mahalliy sharoitni yaxshi biladigan rahbarlarga moliyaviy qarorlarni tezroq qabul qilish imkonini beradi.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor: barcha hududlarga bir xil moliyaviy mexanizmni qo‘llash o‘rniga, loyihaning xususiyatiga qarab kredit, lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta yoki aylanma mablag‘ kabi turli instrumentlardan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Masalan, dehqonchilikda daromad hosil olinganidan keyin shakllanishi mumkin, xizmat ko‘rsatish sohasida esa tushum kunlik yoki oylik bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shu sababli ular uchun bir xil kredit grafigini belgilash har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Yangi mexanizm aynan shu farqlarni hisobga olish imkonini beradi. Bu esa moliyalashtirishni real iqtisodiy jarayonlarga yaqinlashtiradi.
Kooperatsiyaga berilayotgan imkoniyatlar ham alohida ahamiyatga ega. Faol tadbirkorlarning 10 ta oila bilan hamkorlik qilganda 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan kooperatsiya qilganda esa 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi kichik oilalarni yirikroq biznes zanjirlariga jalb qilish uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratadi.
Kambag‘allikni qisqartirishning yana bir muhim tomoni shundaki, endilikda ijtimoiy himoya va bandlik siyosati bir-biri bilan uyg‘unlashmoqda. Ya’ni ijtimoiy reyestrdagi oilalarni baholashda endi faqat daromad miqdori emas, balki oilaning ijtimoiy holati, nogironlik, ko‘p bolalilik, mehnat migratsiyasi kabi omillar ham hisobga olinadi.
Bu muhim. Negaki, ikkita oilani misol qilib oladigan bo‘lsak, ularning daromadi bir xil bo‘lishi mumkin, ammo real ehtiyojlari bir-biridan keskin farq qilishi tabiiy. Demak, kambag‘allikni faqat daromad bilan o‘lchashdan ko‘p omilli baholashga o‘tish ijtimoiy siyosatni yanada adolatli va manzilli qilish imkonini beradi.
Ayniqsa, uch yoshgacha farzandi bor oilalarda kambag‘allik darajasi 6,5 foiz ekani bu yo‘nalishga alohida e’tibor zarurligini ko‘rsatadi. Bola parvarishi tufayli vaqtincha mehnat bozoridan chiqib qolgan ota-onani qayta iqtisodiy faollikka jalb qilish bir vaqtning o‘zida ham oila daromadini, ham mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Shu ma’noda, kelgusi yildan ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlarining bog‘cha, o‘quv markazi, yo‘lkira va talabalar yotoqxonasi kabi xarajatlarini vaucher asosida qoplash mexanizmining joriy etilishi ham e’tiborga molikdir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, videoselektorda yil yakuniga qadar 350 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 1 million nafar fuqaroning daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilandi.
Har bir raqam ortida inson taqdiri, bir oilaning turmushi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, 350 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlash - shuncha insonga barqaror daromad manbaini yaratish, ularning oilasi ehtiyojlarini o‘z mehnati evaziga qoplash imkoniyatini berish demakdir. Bir million nafar aholining daromadini oshirish esa nafaqat bugungi ro‘zg‘or farovonligini, balki ularning kelgusi imkoniyatlarini ham kengaytirishni anglatadi. 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish esa bir martalik ko‘mak emas, balki oilaning iqtisodiy jihatdan oyoqqa turishi, o‘z daromadi va o‘z imkoniyatiga tayanib yashashi uchun zamin yaratilishidir.
Bir so‘z bilan aytganda, videoselektorda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi istiqbolli vazifalardan ko‘zlangan asosiy maqsad insonni yordam kutadigan holatdan o‘z imkoniyatini ishga soladigan, o‘z daromadini yaratadigan va kelajagini mustaqil ravishda belgilay oladigan holatga olib chiqishga xizmat qiladi.