Prezidentimiz tomonidan 2026-yil 10-sentyabrda qabul qilingan “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni inson hayoti bilan bog‘liq mas’uliyatli sohada kadrlar salohiyatini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Unda kadrlarni ehtiyojga qarab tayyorlash, talabani amaliyotga yaqinlashtirish va ta’lim natijasini real tibbiy xizmat bilan bog‘lashga qaratilgan muhim vazifalar belgilangan.
Farmonning ahamiyati haqida to‘xtalsak, unda aniq maqsadli vazifalar qamrab olinganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, qaysidir tumanda oilaviy shifokor yetishmaydi. Bu esa aholi uchun uzoq navbatlarni, tibbiy xizmatdan foydalanishda qiyinchilik yoki boshqa hududga murojaat qilish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu bois farmonda avval qaysi hududga, qaysi tibbiy mutaxassis kerakligi tahlil qilinib, shuning asosida kadr tayyorlash bo‘yicha muhim vazifalar nazarda tutilmoqda. Ya’ni avval kadr tayyorlab, keyin unga ish izlash emas, avval ehtiyojni aniqlab, shunga mos kadr tayyorlash tamoyili kuchaytirilmoqda.
Qolaversa, farmonda 2027–2028-o‘quv yilidan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot ta’limi sohasiga ajratilgan davlat buyurtmasi parametrlarini ta’lim yo‘nalishlari kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlash belgilanmoqda. Qabul ko‘rsatkichlari esa tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyoj, hududlar va tibbiyot tashkilotlari ehtiyoji, shuningdek, muayyan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligidan kelib chiqib shakllantiriladi.
Bu jarayonda Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazining tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni o‘rganish bo‘yicha asosiy ishchi organ etib belgilanishi ham alohida ahamiyatga ega. Chunki samarali kadrlar siyosati taxminga emas, aniq ma’lumot va tahlilga tayanishi kerak.
Farmondagi eng muhim yangiliklardan biri shuki, 2027–2028-o‘quv yilidan davolash ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi negizida “5+1” shaklidagi 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat ta’lim yo‘nalishining joriy etilishidir. Bu yerda asosiy yangilik faqat o‘qish muddatining olti yil bo‘lishida emas. Muhimi, bitiruvchi kurs talabasining bir yil to‘liq amaliyot o‘tashida. Chunki shifokorlikni faqat auditoriyada o‘rganib bo‘lmaydi. U yerda talaba kasallikni nazariy o‘rganadi. Klinikada esa bemorni ko‘radi.
Darslikda simptomlar tartib bilan keladi. Real hayotda esa bemor har doim ham darslikdagi kabi “to‘liq” belgilar bilan murojaat qilmaydi. Shuningdek, kitobda klinik algoritm aniq. Amaliyotda esa shifokordan vaziyatni baholash, ustuvor vazifani belgilash va mas’uliyatli qaror qabul qilish talab etiladi.
Shu ma’noda “5+1” modeli talabani diplom olishga emas, kasbiy hayotga tayyorlashga qaratilgan yondashuv sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Talaba klinikada shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolmasligi, uning har bir bosqichi aniq kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilishi zarur. Ustoz-shogird tizimi, klinik bazalarning tayyorligi, amaliyotni baholashning obyektiv mezonlari va bemor xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish yangi modelning samarasini belgilaydigan asosiy omillardir. Zero, shundagina “bir yillik amaliyot” qog‘ozdagi talab emas, haqiqiy kasbiy maktabga aylanadi.
Yangi umumiy tibbiyot bakalavriat ta’limini tamomlagan bitiruvchilar umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega bo‘ladi va belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin. Bu normaning ahamiyati katta. Negaki, oilaviy shifokor ko‘pincha bemorning sog‘liqni saqlash tizimidagi birinchi murojaat nuqtasidir. Kasallikni erta aniqlash, profilaktika, bemorni kuzatish, zarurat bo‘lganda tor mutaxassisga yo‘naltirish kabi vazifalar aynan uning zimmasida bo‘ladi.
Shu sababli umumiy amaliyot shifokorini tayyorlashda keng klinik tafakkur, mustaqil qaror qabul qilish, bemor bilan muloqot qilish va turli klinik vaziyatlarni baholash ko‘nikmalari juda muhim. Maqsad bitta. Ya’ni aholiga yaqin bo‘lgan quyi tibbiy yordam bo‘g‘inini malakali kadrlar bilan ta’minlashdan iborat.
Yangi yondashuv davolash ishi bilan cheklanmaydi. Farmonga ko‘ra, tibbiyot sohasining barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi. Amaliyot endi ta’limning qo‘shimcha qismi emas, uning ajralmas bo‘g‘iniga aylanadi.
Stomatologiyada ham bu masala alohida ahamiyatga ega. Talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalarining biriktirilishi nazariya bilan klinik amaliyot o‘rtasidagi masofani qisqartirishga xizmat qiladi.
Chunki stomatolog uchun ham bilimning o‘zi yetarli emas. Qo‘l ko‘nikmasi, klinik fikrlash, bemor bilan muloqot va aniq harakat qilish qobiliyati real muhitda shakllanadi. Shunday ekan, poliklinika faqat tibbiy xizmat ko‘rsatiladigan joy emas, kelajak mutaxassis uchun klinik maktab vazifasini ham bajarishi kerak.
Farmonda belgilangan o‘zgarishlarning barchasi bir maqsadga - aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsata oladigan, bilimli va amaliy ko‘nikmaga ega shifokorlarni tayyorlashga qaratilgan. Kadrlar endi ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlanadi, talaba esa kasb sirlarini nafaqat auditoriyada, klinik amaliyotda ham egallaydi. Chunki shifokorlikni faqat kitobdan o‘rganib bo‘lmaydi. Haqiqiy kasbiy mahorat bemor yonida shakllanadi.