Tarixiy va madaniy merosini qadrlagan, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan millat qudratli bo‘ladi

10.09.2026 16:15
6152

Har bir millatning o‘ziga xos madaniy merosi, boy tarixi bor. Meros deganda, faqatgina o‘tmishdan qolgan imorat, qadimiy qo‘lyozma yoki muzeylarda saqlanayotgan nodir ashyolar yig‘indisi tushunilmaydi, albatta. Aksincha u o‘sha xalqning o‘tmishi, tafakkuri va dunyoqarashi mujassam bo‘lgan tirik ma’naviy xazinadir. Ana shu xazina millatning kim ekanligini dunyoga ko‘rsatuvchi tarixiy manbadir.

Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga madaniy merosni asrab-avaylash, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va yurtimizning boy madaniyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar sohadagi ustuvor vazifalarni belgilash bilan bir qatorda, milliy madaniy siyosatning mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.

E’tiborlisi, bu jarayonda madaniy merosga munosabatning o‘zi tubdan yangilanmoqda. Endi asosiy maqsad faqat tarixiy yodgorliklarni asrab qolish bilan birga, ana shu merosni chuqur ilmiy o‘rganish va raqamlashtirish, uning iqtisodiy hamda turistik salohiyatidan oqilona foydalanish, xalqaro standartlar asosida muhofaza qilish, zamonaviy yondashuv hamda mutaxassisliklarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bu yondashuvning eng muhim ko‘rinishlaridan biri Toshkent modernizmi me’morchiligi bilan bog‘liq. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida “Toshkentning modernizm me’morchiligi: Markaziy Osiyo zamonaviyligi va an’analari” milliy nominatsiyasining Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi mamlakatimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Nominatsiyaga poytaxtdagi 10 ta muhim obyekt kiritilgani e’tiborga molikdir.

Mazkur voqeaning yana bir muhim ahamiyati shundaki, O‘zbekiston XX asr modernizmi me’moriy merosi YUNESKOning mazkur nufuzli ro‘yxatiga kiritilgan Markaziy Osiyo va MDHdagi birinchi davlat bo‘ldi.

Odatda “meros” deganda ko‘z oldimizga qadimiy shaharlar, ming yillik obidalar, xumdonlar, madrasalar va maqbaralar keladi. Ammo tarix faqat asrlar qa’ridan emas, kechagi kundan ham iborat. XX asr me’morchiligi ham muayyan davrning estetik qarashlari, muhandislik tafakkuri va ijtimoiy hayoti haqida hikoya qiladi. Shu bois Toshkent modernizmini muhofaza qilish poytaxtimizning shaharsozlik tarixini asrash demakdir.

Ayni paytda “Quyosh” geliomajmuasining Butunjahon merosi obyekti tarkibida saqlab qolinishi bo‘yicha faol siyosiy-diplomatik ishlar olib borilgani ham O‘zbekistonning o‘z madaniy va ilmiy merosiga xalqaro maydonda qat’iy pozitsiyaga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Bugun taraqqiyot bilan tarixni qanday uyg‘unlashtirish ustida ko‘plab mamlakatlar bosh qotirmoqda. Negaki, bu bevosita turizm sohasining rivojiga ham xizmat qiladi.

Bilamiz, qadimiy Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlar bir vaqtning o‘zida ham tirik shahar, ham ulkan tarixiy meros makonidir. Toshkent esa jadal qurilish, transport va infratuzilma yangilanishi jarayonini boshidan kechirmoqda. Bunday sharoitda har qanday yangi bino, yo‘l yoki infratuzilma loyihasi tarixiy muhitga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan “Heritage Impact Assessment” merosga ta’sirni baholash tizimining joriy etilishi strategik ahamiyatga ega. Mazkur tizimning mohiyati shundan iboratki, biror loyiha amalga oshirilishidan oldin uning tarixiy muhitga qanday ta’sir ko‘rsatishi atroflicha baholanadi. Zero, tarixiy muhitni yo‘qotishning oqibatini keyinchalik pul bilan tiklab bo‘lmaydi. Biror obidaning o‘zi saqlanib qolishi mumkin, ammo uning atrofidagi tarixiy muhit buzilsa, yodgorlikning asl ma’nosi va vizual yaxlitligi ham zaiflashadi.

Madaniy merosni muhofaza qilishda yana bir katta o‘zgarish - raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishidir. Yagona raqamli platforma, obyektlarning raqamli egizaklari, “Heritage Open Data” tizimi va madaniy meros bo‘yicha situatsion markaz tashkil etish takliflari sohani an’anaviy hisob-kitob va qog‘ozbozlikdan zamonaviy boshqaruv modeliga olib chiqishi mumkin.

Bu borada ayniqsa, IoT-sensorlar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, videotahlil va sun’iy intellekt asosida monitoring olib borish imkoniyati muhim. Chunki minglab obyektlarni faqat inson ko‘zi bilan muntazam kuzatib borishning imkoni yo‘q.

 

Agar 2030 yilga qadar barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish rejasi amalga oshsa, mamlakat tarixining ulkan elektron xaritasi ham vujudga keladi. Bu ma’lumotlar nafaqat muhofaza uchun, balki ilmiy tadqiqot, ta’lim, turizm va xalqaro hamkorlik uchun ham qimmatli resursga aylanadi.

Madaniy merosning iqtisodiy qiymati haqida ham xolis mulohaza yuritish kerak. Bugun turizm mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biriga aylanib borayotgan bir sharoitda tarixiy obyektlar sayyohlik salohiyatining asosiy manbalaridan hisoblanadi.

Biroq merosni iqtisodiy resursga aylantirish bilan uni oddiy tijorat obyektiga aylantirib qo‘yish o‘rtasida katta farq bor.

So‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun davlat byudjetidan 466,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlangani, 55 ta obyektda ishlar yakunlangani va 152 ta obyektda ishlar davom etayotgani sohadagi amaliy ishlarning ko‘lamini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, 8 183 ta obyekt bo‘yicha kadastr hujjatlarining shakllantirilishi ham muhim institutsional qadamdir. Chunki merosni samarali boshqarish, avvalo, uning aniq hisobini yuritishdan boshlanadi.

Yodgorliklarni qisqa muddatli ijaraga berish orqali 4 187 ta tadbirkorlik subyektining jalb etilgani va sohaviy jamg‘armaga 27,9 milliard so‘m yo‘naltirilgani esa davlat-xususiy hamkorlik imkoniyatlaridan foydalanishga intilishni ko‘rsatadi. Ammo bu yerda bir tamoyil o‘zgarmasligi kerak. Ya’ni tadbirkorlik madaniy merosga xizmat qilishi lozim, meros tadbirkorlikka emas.

Har qanday strategiya, raqamli platforma yoki zamonaviy texnologiyaning samarasi, oxir-oqibat, inson omiliga, yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak soha mutaxassisiga borib taqaladi. Shu bois Buxoroda ixtisoslashtirilgan restavratsiya oliy maktabini ochish, Arxeologiya institutining hududiy filiallarini rivojlantirish, restavratorlarni litsenziyalash tizimini joriy etish kabi takliflar malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Zero, qadimiy obidani ta’mirlash, oddiy qurilishdan keskin farq qiladi. Restavrator tarixni, materialshunoslikni, me’morchilikni, arxeologiyani va hatto o‘sha davrning estetik tafakkurini bilishi hamda tushunishi kerak.

Toshkent mozaika maktabini saqlashga qaratilgan ixtisoslashtirilgan mozaika markazi tashkil etish taklifi ham shu ma’noda istiqbollidir. U nafaqat mavjud merosni asrash, balki yangi avlod ustalarini tarbiyalash uchun maktab vazifasini bajaradi.

Madaniy meros sohasidagi barcha tashabbuslarni bir nuqtada birlashtiruvchi jihat bor. U ham bo‘lsa tizimlilik. YUNESKO bilan hamkorlikni kuchaytirish, Milliy komissiya kotibiyatining vakolatlarini kengaytirish, ijodiy va ta’lim beruvchi shaharlar tarmoqlari, assotsiatsiyalashgan maktablar, YUNESKO kafedralari, klublar va global geoparklar tarmog‘idagi ishtirokni muvofiqlashtirish - O‘zbekistonning xalqaro madaniy makondagi ishtirokini institutsional jihatdan kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan 2027–2035 yillarga mo‘ljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasi alohida ahamiyatga ega.

Unda raqamlashtirish, moddiy va nomoddiy merosni muhofaza qilish, madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish, tabiiy merosni asrash va restavratsiya sohasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarning bir tizimga birlashtirilayotgani sohaning kelajagi porloq ekanligidan darakdir.

Xulosa qilib aytganda, madaniy merosni asrash, o‘tmishni shunchaki saqlab qolish emas, balki uni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirib, kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazishdir. Bu boradagi yangi yondashuvlar O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy salohiyatini asrash barobarida, uni ilmiy, ma’rifiy va turistik jihatdan yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Zero, o‘zining tarixiy va madaniy merosini qadrlagan, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylagan millat qudratli bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish