Haqiqatan ham shunday. Zero, biznes vakillari jamiyatga nafaqat mahsulot va xizmatlar taqdim etadi, balki yangicha tafakkur, izlanish, tashabbus hamda yaratuvchanlik ruhini ham olib kiradi. Tadbirkorning ishi yurishsa, iqtisodiyot rivojlanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va asosiysi, aholi turmush darajasi yaxshilanadi.
Har bir tadbirkor ortida nafaqat bir oila, balki ko‘plab ishchi-xodimlar, ularning oilalari va daromad manbai turadi. Bir tadbirkor yangi korxona ochsa, o‘nlab yoki yuzlab odamlar ishli bo‘ladi. Ishlab chiqarish ko‘paysa, bozorda raqobat kuchayadi, mahsulot sifati oshadi, eksport imkoniyatlari kengayadi. Shuning uchun tadbirkorning muvaffaqiyati butun jamiyatning manfaati bilan bog‘liq.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga katta e’tibor qaratdi. Ishbilarmonlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish va to‘sqinlik qilish, ularning ishini asossiz to‘xtatib qo‘yish Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesning milliy iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi qator dasturlar orqali tadbirkorlar uchun kredit, kompensatsiya, kafillik va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirildi. Yaratilayotgan qulay sharoitlar va keng imkoniyatlar samarasida yangi tadbirkorlik subyektlari soni sezilarli darajada ortdi.
Prezidentimizning olti yildan buyon mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o‘tkazib kelayotgan ochiq muloqotlari biznes ahlining dardiga quloq tutish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga amaliy yechim topishning samarali maydoniga aylandi. Ularda tadbirkorlar takliflari eshitilayotgani va qo‘llab-quvvatlanayotgani biznes vakillariga o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish uchun katta ishonch bermoqda.
Davlatimiz rahbarining yurtimiz tadbirkorlari bilan Xiva shahrida o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqoti ham ularning takliflarini bevosita eshitish, ularga amaliy yechim topish va biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, davlat va tadbirkor o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Muloqotning eng muhim jihati shundaki, davlat va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlar “yordam beruvchi davlat”dan “imkoniyat yaratuvchi davlat” tamoyili sari yanada dadil qadam tashlamoqda. Bu tadbirkor uchun tayyor yechim kutish emas, balki o‘z tashabbusi va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun keng yo‘l va mustahkam zamin yaratilayotganini anglatadi.
Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan biznes vakillarini yillar davomida qiynab kelayotgan yana ko‘plab masalalarga yechim ko‘rsatilib, yangi tashabbuslar ilgari surildi. Belgilab berilgan beshta ustuvor yo‘nalishning har biri biznesni qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni bartaraf etish va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga qaratilgan qator tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
Davlatimiz rahbarining har bir tashabbusi, so‘zlari tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, odamlarni ishbilarmon qilishga yo‘g‘rilgan. Ayniqsa, “Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, deya bildirgan fikrlari soha vakillarida ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchni yanada mustahkamladi.
Biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirishga qaratilgan tashabbus soha vakillarining ayni dilidagi gap bo‘ldi. Bu biznes vakillariga yanada erkin faoliyat yuritish, yangi g‘oya va rejalarini dadil amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochishi, shubhasiz. Kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinishi esa kichik biznesni ortiqcha va asossiz tekshiruvlardan himoya qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tgan o‘rta va yirik biznesda kamchiliklar bartaraf etilsa, jarima qo‘llanmasligi, barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha ikki barobar kamaytirilishi ham biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, profilaktik nazoratni kuchaytirish va davlat bilan biznes o‘rtasida ishonchni oshirishga turtki beradi.
Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” hamda “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etilishi esa ularga ma’muriy bosimni kamaytirish, xatolarni jazolash emas, tuzatishga rag‘batlantirish, davlat va biznes o‘rtasida ishonchni oshirish hamda adolatli biznes muhitini yaratishga zamin yaratadi.
Umuman, belgilangan ustuvor vazifalar mamlakatimizda xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada kuchaytirib, yangi ish o‘rinlari va yuqori daromadli faoliyat turlarini ko‘paytirishi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi, shubhasiz. Tadbirkorlik rivoji esa xalq farovonligini oshirish, hududlar taraqqiyotini jadallashtirish va mamlakat iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun Prezidentimiz tomonidan bildirilgan “yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur” degan strategik maqsad barchamizni bir maqsad atrofida birlashtiradi. Bu maqsadga erishishda tadbirkorlarimizga ishonch bildirish, ular uchun qulay muhit yaratish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va har bir tashabbusni qo‘llab-quvvatlash — umumiy vazifamizdir.