Chiqindi muammosini tizimli hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib insoniyat har yili 3,5 milliard tonnagacha qattiq maishiy chiqindi chiqaradi. Biroq bu hajmning atigi 20 foizdan kamrog‘i qayta ishlanishi mumkin.

Haqiqatan ham, bugun chiqindi muammosini hal etish dunyo mamlakatlari uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangan. Chunki aholi soni yildan yilga ko‘paymoqda. Ularning ehtiyojini qondirish uchun esa turli mahsulotlar ishlab chiqarilyapti. Muammo shundaki, ana shu mahsulotlarning aksariyati uzoq yillar davomida chirimaydigan plastik idishlarda ishlab chiqarilyapti. Ularni qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmasa, tabiatga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Mamlakatimizda ham keyingi yillarda ushbu muammoni hal etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Chiqindiga iqtisodiy foyda keltiradigan resurs sifatida qaralmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha taqdim etilgan investitsiya loyihalari ham ana shu yangi yondashuvning amaliy ifodasidir.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad chiqindilarni yig‘ish, saralash, qayta ishlash va undan energiya olishni yagona tizimga birlashtirish orqali ekologik muammoni iqtisodiy imkoniyatga aylantirishdir.

2026–2027-yillarda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta investitsiya loyihasining amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning umumiy qiymati 933 million AQSH dollariga teng. Mazkur raqamlar sohadagi o‘zgarishlar ko‘lamini ko‘rsatadi. Loyihalar doirasida 1-sentabr holatiga 286,8 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan, mahalliy mahsulot va xizmatlar xaridi 76,6 million dollarga yetgan. Qurilish jarayonlariga 2 ming nafar mahalliy ishchining jalb etilgani esa mazkur loyihalarning iqtisodiy faollikka ham turtki berayotganini anglatadi.

Qashqadaryo va Samarqanddagi zavodlarni 2026-yilda, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangandagi quvvatlarni esa 2027-yilda ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Korxonalar to‘liq quvvatda ishlaganda yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanishi va 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Chiqindilarni yoqish orqali energiya olish loyihalarining ahamiyatini faqat ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bilan baholab bo‘lmaydi.

Chiqindi poligonlari katta yer maydonlarini talab qiladi, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin va ularni boshqarish doimiy xarajatlarni taqozo etadi. Shuning uchun chiqindilar hajmini kamaytirishning o‘zi ekologik va iqtisodiy jihatdan muhim natijadir.

“Nol chiqindi” tamoyiliga bosqichma-bosqich o‘tish maqsadi ham ana shu mantiqqa asoslanadi. Chiqindi qancha kam poligonga borsa, yer va tabiiy resurslarga tushadigan bosim ham shuncha kamayadi.

Biroq bu jarayonda bir muhim jihatni unutmaslik kerak. Ya’ni chiqindini yoqish bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. U zamonaviy texnologiyalar, qat’iy ekologik nazorat va havoga chiqariladigan moddalarni tozalash tizimlari bilan uyg‘unlashgandagina haqiqiy ekologik samara beradi.

Shu bois xorijiy tajriba asosida chiqindilarni atrof-muhitga minimal ta’sir bilan yoqish, zavodlarning texnologik talablari va investorlarning majburiyatlarini aniq belgilash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Taqdimotda ko‘rib chiqilgan yana 5 ta istiqbolli investitsiya loyihasi bu yo‘nalishning geografiyasi va imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ushbu loyihalarning umumiy qiymati 625 million dollarni tashkil etadi. Ular ishga tushgach, yiliga 1,9 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 635 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Bu yerda yana bir muhim jihatga to‘xtalib o‘tish joiz. Ushbu loyihalar to‘liq ishga tushsa, 158 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi va issiqxona gazlari hajmi 316 ming tonnaga kamaytirilishi kutilmoqda.

Demak, chiqindidan energiya olishning samarasi faqat yangi elektr quvvati yaratish bilan cheklanmaydi. U boshqa energetik resurslarga bo‘lgan ehtiyojni ham kamaytirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, chiqindini qayta ishlash bir vaqtning o‘zida ham ekologik, ham energetik, ham iqtisodiy loyiha desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Biroq yangi zavodlar qurish sohadagi muammoning faqat bir qismini hal qiladi. Chiqindini boshqarish zavoddan emas, xonadondan boshlanadi.

Agar chiqindi aralash holda yig‘ilsa, uni qayta ishlash qiyinlashadi. Qayta ishlanadigan materiallar organik va boshqa chiqindilar bilan aralashib ketsa, ularning iqtisodiy qiymati pasayadi. Shuning uchun zamonaviy chiqindi boshqaruv tizimida saralash, logistika, qayta ishlash va energiya ishlab chiqarish bir-biridan ajralgan emas, yagona zanjir sifatida ishlashi kerak. Bu esa aholining ekologik madaniyatini oshirishni ham talab etadi.

Chiqindini qayerga tashlash oddiy maishiy odatdek ko‘rinsa-da, aslida butun tizimning samaradorligiga ta’sir qiladi. Uyda boshlangan to‘g‘ri saralash zavoddagi texnologik jarayonning samaradorligini belgilaydi. Shuning uchun kelajakda chiqindilarni boshqarish siyosati faqat zavodlar qurishga emas, balki “chiqindi madaniyati”ni shakllantirishga ham qaratilmog‘i lozim.

Har qanday zamonaviy texnologiya uni boshqara oladigan mutaxassissiz oddiy uskuna, xolos. Shu bois “Green University”, Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda chiqindi yoqish zavodlari uchun 1 ming nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasining belgilanishi strategik ahamiyatga ega.

Qisqasi, chiqindi muammosini hal etish shunchaki tozalikni ta’minlash emas, balki ekologik barqaror kelajak uchun poydevor yaratishdir. Yangi loyihalar, zamonaviy yondashuvlar va o‘zgarayotgan munosabat esa bu yo‘lda muhim qadam bo‘lmoqda. Bugun chiqindiga qanday munosabatda bo‘lishimiz ertaga qanday muhitda yashashimizni belgilaydi. Shuning uchun ekologik mas’uliyatni kund

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish