Sog‘lom millat - mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevori

Inson salomatligi - jamiyat farovonligi, mamlakat taraqqiyoti va xalq turmush sifatini belgilaydigan eng muhim omillardan biridir. Shu bois, tibbiyot tizimini rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, malakali shifokorlar mehnatini qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar soha oldida turgan muhim maqsadlarni qamrab oldi. Unda birlamchi tibbiy yordamni takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, zamonaviy tibbiyot standartlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda 10 million aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirilib, 58 mingta shifo o‘rni yaratilgani, tibbiy xizmatlar hajmi uch barobar oshgani soha infratuzilmasidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatadi. Ilgari xorijda bajarilgan ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgani ham milliy tibbiyot imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Ayni paytda asosiy vazifa nafaqat zamonaviy tibbiyot muassasalarini ko‘paytirish, balki ularda aholiga qulay, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat. Chunki islohotlarning haqiqiy natijasi, avvalo, inson salomatligidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladi.

Bu borada birlamchi tibbiy yordamni kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. 28 ta tumanda sinovdan o‘tkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholining oilaviy shifokorlarga biriktirilishi, kafolatlangan tibbiy xizmatlar doirasida 69 turdagi dori vositasining bepul berilishi aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim qadamdir. Ushbu tizimni kelgusi yildan yana 100 ta tumanda joriy etish rejasi tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.

Kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash ham eng muhim vazifalardan biridir. Saratonning ayrim turlarini erta aniqlash dasturlarining bosqichma-bosqich kengaytirilishi, infarkt va insultni erta aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida besh oyda erta o‘limning 15 foizga kamaygani bu yo‘nalishning ahamiyatini ko‘rsatadi. Kelgusida bunday dasturlarni barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yish aholi salomatligini asrash imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, «Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari»ning joriy etilishi tibbiy xizmat sifatiga nisbatan talablarni kuchaytirishga qaratilgan. Muassasalarda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, bemorlar xavfsizligini ta’minlash, tibbiy xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini takomillashtirish kundalik faoliyatning muhim mezoniga aylanishi lozim.

Tibbiyotning rivoji, eng avvalo, malakali kadrlarga bog‘liq. Shu sababli tibbiyot talabalarining amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, rezidentura ta’limini qo‘llab-quvvatlash va mutaxassislarning malakasini muntazam oshirishga qaratilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega. Xorijda tajriba orttirgan vatandosh shifokorlarni mamlakatimizga jalb etish, ularga zamonaviy ish sharoitlari yaratish esa ilg‘or bilim va texnologiyalarni mahalliy tibbiyot amaliyotiga olib kirishga xizmat qilishi mumkin.

Shifokorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham e’tiborga molik masaladir. Uzoq yillar sohaga xizmat qilgan xodimlarga uy-joy masalasida ko‘mak berish, yosh mutaxassislarning ipoteka xarajatlarini qoplash va olis hududlarda ishlaydigan shifokorlarni rag‘batlantirish choralari kadrlarni saqlab qolish hamda hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish uchun muhimdir. Zero, shifokorning mehnati munosib qadrlangan joyda kasbiy mas’uliyat va bemorga e’tiborni kuchaytirish uchun ham imkoniyat kengayadi.

Bugungi tibbiyotni raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarisiz tasavvur etish qiyin. Kelgusi yildan tibbiyotning qator yo‘nalishlarida sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish rejasi tashxis qo‘yish, bemorlarni kuzatish va dori vositalari xavfsizligini nazorat qilish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Biroq bunda inson huquqlari, tibbiy ma’lumotlar maxfiyligi va shifokorning kasbiy mas’uliyati doimo ustuvor bo‘lishi shart.

Senator sifatida tibbiyot sohasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda parlament nazorati, jamoatchilik fikri va hududlardagi haqiqiy ehtiyojlarni o‘rganish muhim, deb hisoblayman. Aholiga bepul dori vositalarining o‘z vaqtida yetib borishi, olis hududlarda malakali mutaxassislar yetarli bo‘lishi, tibbiy muassasalarda xizmat sifati va xavfsizligi ta’minlanishi doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim.

Zero, har bir islohot inson manfaatiga xizmat qilgandagina o‘zining haqiqiy mazmunini namoyon etadi. Tibbiyotni rivojlantirish faqat shifoxonalar qurish yoki yangi texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanmaydi. U shifokor mehnatini qadrlash, bemor huquqlarini himoya qilish, kasalliklarning oldini olish va har bir fuqaro uchun munosib tibbiy xizmat imkoniyatini yaratishni ham anglatadi.

Sog‘lom millat - mamlakatning eng katta boyligi. Shu bois, davlat, tibbiyot xodimlari va jamiyatning mushtarak sa’y-harakatlari orqali aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilishi zarur.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish