Mustaqillik bayrami Central Parkda keng nishonlanadi

31-avgust kuni Toshkent shahridagi Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida - Central Parkda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Central Park hamkorligida tashkil etilayotgan oqshom milliy san’at, musiqa va ijodkorlikni bir maydonda jamlaydi.

Bayram dasturi soat 17:30 da interfaol burchaklar va musiqa maydonining ochilishi bilan boshlanadi. Soat 18:00 dan Madaniy meros xiyobonida hunarmandchilik va musiqa burchaklari faoliyat yuritadi. Bu yerda mehmonlar o‘zbek xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Sakkizta hunarmandchilik burchagida kulolchilik, so‘zana va zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, Sharq miniatyurasi, do‘ppi tayyorlash hamda milliy taqinchoqlar yaratish jarayonlari namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar Rishton kulolchiligiga xos naqshlarni chizish va xattotlik bo‘yicha mashg‘ulotlarda o‘z mahoratini sinab ko‘rishlari ham mumkin.

Beshta musiqiy burchak esa milliy cholg‘ular ohangiga boy bo‘ladi. Mehmonlarga doira va dutor chalib ko‘rish imkoniyati beriladi, rubob, tanbur va g‘ijjakda esa jonli kuylar ijro etiladi.

Kechki dastur soat 19:30 da amfiteatrda davom etadi. Konsertning ochilishidan so‘ng milliy raqs bo‘yicha mahorat darsi va fleshmob tashkil etiladi. Shuningdek, “Azizjon Media” guruhi sahnaga chiqadi. Bayram oqshomi o‘zbek estradasining taniqli ijrochilari ishtirokidagi konsert bilan yakunlanadi.

Tadbir 31-avgust kuni soat 17:30 da Central Park - Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida boshlanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish