Har bir mamlakat taraqqiyoti avvalo iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, aholi farovonligining yuksalishi va inson manfaatlarining ta’minlanishi bilan o‘lchanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Bu yig‘ilish nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili, balki mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichiga qaratilgan muhim siyosiy dastur sifatida ham ahamiyat kasb etdi.
Dastlab, joriy yilning olti oyida mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgani, bunda sanoat 8 foiz, xizmat ko‘rsatish sohasi 16,9 foiz, qurilish 13,8 foiz va qishloq xo‘jaligi 4,7 foizga o‘sgani qayd etildi.
O‘tgan davr davomida investitsiyalar hajmining 28 milliard dollarga, eksportning esa 14,4 milliard dollarga yetgani hamkorlarimizning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat bermoqda. Xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bir pog‘onaga yaxshilanishi ham dunyo hamjamiyati mamlakatimizdagi iqtisodiy siyosatni ijobiy baholayotganini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimiz aholisi soni oshib borar ekan, ish o‘rinlari, daromadlar, ijtimoiy xizmatlar va infratuzilma ham shunga mos ravishda rivojlanishi lozim. Yig‘ilishda ayrim hududlarda rejalar ijrosi sust kechayotgani tanqidiy tahlil qilindi va yalpi hududiy mahsulot, sanoat, qurilish, investitsiya va eksport bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Shu bois oylik, choraklik va yillik rejalar ijrosini ta’minlamagan rahbarlarning mas’uliyati kuchaytirilishi belgilab berildi. Bunday yondashuv xalqaro tajribalarda davlat boshqaruvida intizom va shaxsiy javobgarlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.
Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi va keyingi yillarda amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashriflar davomida umumiy qiymati 213 milliard dollarlik 1617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani mamlakat iqtisodiyoti uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan eng muhim vazifa sifatida ushbu kelishuvlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga e’tibor qaratildi. Endilikda yuqori darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar ustidan Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi bo‘yicha aniq vazifa belgilab berildi.
Yig‘ilishda aholi turmush darajasiga bevosita ta’sir qiluvchi inflyatsiya va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Narx-navo barqarorligi har bir oilaning farovonligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ayrim mahsulotlar narxi keskin oshib ketmasligi uchun amaliy choralar ko‘rilishi aniq vazifa sifatida belgilandi.
Yaqinda o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilik sohasidagi haqiqiy holatni aniq ochib berdi. Endi mazkur tarmoqni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilishi va yil yakuniga qadar 100 ming bosh qoramol hamda 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish rejalashtirilgani ta’kidlandi. Natijada ichki bozor arzon va sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlanadi, oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanadi.
Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash infratuzilmasini kengaytirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi. Yil yakuniga qadar umumiy quvvati 87 ming tonna bo‘lgan 340 ta sovutkichli omborning ishga tushirilishi orqali mahsulotlarni isrof qilmasdan saqlash, yil davomida narxlarni barqaror ushlab turish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Bugungi global iqtisodiyotdagi noaniqliklar hali davom etishi va jahon bozorlaridagi o‘zgarishlar eksportyorlarimiz faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlanib, har bir rahbar tashqi xavflarni hisobga olgan holda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilishi hamda bugungi raqobat sharoitida faqatgina tezkor qaror qabul qiladigan, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan rahbarlar yuqori natijaga erisha olishi kerakligiga to‘xtalib o‘tildi.
Shu maqsadda tarmoqlar va hududlarga biriktirilgan “aql markazlari” ishtirokida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqilishi belgilandi. Bu takliflar “resurs — infratuzilma — loyiha — ishlab chiqarish — budjetga tushum — eksport” zanjirini yagona tizim sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunday yondashuv esa iqtisodiyotning barcha bo‘g‘inlari o‘zaro uyg‘un holda ishlashini ta’minlaydi.
Eng muhimi, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson manfaati turibdi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, investitsiyalarni ko‘paytirish va eksport geografiyasini kengaytirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - xalq farovonligini yuksaltirishdir.
Bugun mamlakatimiz oldida turgan vazifalar ulkan, ammo imkoniyatlar undan ham katta. Islohotlarning izchil davom ettirilishi, rahbarlarning mas’uliyati, xalqning mehnatsevarligi va tadbirkorlarning tashabbusi birlashgan taqdirda Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudrati yanada mustahkamlanadi. Bu esa har bir oila, har bir mahalla va butun mamlakat taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.