Energetika — iqtisodiyotning qon tomiri

07.07.2026 18:42
1347

Haqiqatan ham shunday. Inson organizmidagi qon tomirlar tanamizning har bir a’zosiga qanday hayot bag‘ishlasa, energiya ham mamlakat taraqqiyotining barcha yo‘nalishlarini harakatga keltiruvchi manbadir. Zavod va fabrikalarning uzluksiz ishlashi, tadbirkorlik rivoji, aholi xonadonlaridagi farovonlik, yangi loyihalarning amalga oshishi ishonchli va barqaror energetika tizimiga chambarchas bog‘liq.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasida katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholi ehtiyojlarining ortib borishi sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha yangi vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Endi masala faqat elektr va gaz ishlab chiqarishda emas, balki uni iste’molchiga qay darajada sifatli, uzluksiz va samarali yetkazib berishdadir.

Prezidentimizga energetika tarmog‘i oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berilgani ham sohadagi islohotlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Bu jarayonda asosiy e’tibor muammolarning oqibatlarini bartaraf etish emas, balki ularning oldini olish, tizimli yechimlar ishlab chiqish va sohada samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga qaratilmoqda.

Energetika haqida gap ketganda, har bir hududning haqiqiy holati ko‘z oldimizda gavdalanadi. Ochig‘i, bugun mamlakatimizning har bir tumani va mahallasidagi vaziyat bir xil ya’ni barqaror emas. Qaysidir hududda tarmoqlarni yangilash zarur bo‘lsa, boshqa joyda quvvat yetishmasligi yoki iste’mol o‘sishi bilan bog‘liq masalalar bor. Shu ma’noda, sohada “tumanbay” va “mahallabay” ishlash tizimining joriy etilishi muammoga aniq yechim bilan yondashish imkonini beradi.

Bu yondashuv energetika sohasida qarashlar o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Endi bor e’tibor faqat raqamlarni yig‘ishga emas, balki ular ortida turgan muammolarni aniqlashga qaratilmoqda. Har bir uzilish, quvvat tanqisligi yoki texnik nosozlikning sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish uchun aniq yechimlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, Yangiyo‘l tumanida yo‘lga qo‘yilgan tajriba ana shu yangi yondashuvning hayotdagi amaliy ifodasidir. Bunda insonlarning real ehtiyojlari inobatga olinyapti. Umuman olganda, aholi va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni joyida o‘rganish va tezkor yechim topish boshqaruvning yangi usuliga aylanmoqda.

 

Endi muammoning yuqori tashkilotlarga yetib kelishini kutib o‘tirishga aslo hojat yo‘q. Boisi, uni ilk paydo bo‘lgan nuqtada aniqlash va bartaraf etish mumkin. Natijada davlat idoralari bilan fuqarolar o‘rtasidagi masofa qisqarib, boshqaruv jarayoni yanada ochiq, tezkor va samarali bo‘ladi.

Ayni paytda barchamiz raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari davrida yashayapmiz. Ochig‘i bu texnologiyalarning imkoniyatlari shu qadar kengki, ulardan oqilona foydalanilsa, barcha sohalarda, xususan, energetika sohasida ham katta yutuqlarga erishish mumkin. Zero, zamonaviy texnologiyalar orqali energiya iste’molini nazorat qilish, yo‘qotishlarni kamaytirish va kutilmagan nosozliklarning oldini olish imkoniyati kengayadi.

Yana bir gap. Energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga yuzaki yondashib bo‘lmaydi. Negaki, ushbu tarmoq butun mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotini belgilab beradigan strategik sohalardan biridir. Ishlab chiqarishdan tortib xizmatlar sohasigacha, aholi farovonligidan tortib yangi investitsiya loyihalarigacha bo‘lgan ko‘plab jarayonlar barqaror va ishonchli energiya ta’minotiga uzviy bog‘liq. Shu bois bugun energetikadagi o‘zgarishlar faqat quvvatni oshirish yoki yangi obyektlar barpo etish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Asosiy vazifa sohani zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va har bir jarayonni aniq tahlil qilib borishdir.

Mavzuni davom ettirib shuni aytish joizki, suyultirilgan gaz chekka hududlardagi aholi uchun hayot-mamot masalasi ekanligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Ayniqsa, qishning izg‘irinli kunlarida uning qadri ko‘proq bilinadi. Taqdimotda masalaning shu jihati tilga olinib, tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Bu jarayonda xususiy sektorni keng jalb qilish, ta’minot zanjirini yaxshilash bilan birga, sohadagi holatni doimiy kuzatib borish zarurligi aytildi. Chunki bugun energetikada eng asosiy talab muammoni yuzaga kelgandan keyin hal qilish emas, balki uni oldindan ko‘ra bilish va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rishdir. Shu ma’noda sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich jalb etish suv va havodek zarur.

Xulosa qilib aytganda, energetika sohasidagi bugungi islohotlar mamlakatimizning ertangi taraqqiyotiga qaratilgan muhim qadamdir. Chunki barqaror energiya ta’minoti, faqat yorug‘lik va issiqlik emas, balki iqtisodiyot o‘sishi, yangi imkoniyatlar va aholi farovonligining asosidir. Shu bois sohada raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va oqilona boshqaruv tamoyillarini keng joriy etish davr talabidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish