Davlat xizmatida lavozim emas, salohiyat va natija baholanadigan yangi davr boshlanmoqda

05.08.2026 14:52
2491

Har bir davlatning kuch-qudrati, avvalo, xalqning unga bo‘lgan ishonchi bilan belgilanadi. Bu ishonch esa adolatli va samarali boshqaruv tizimi orqali shakllanadi va yuzaga chiqadi. Davlat fuqarolik xizmati ana shu tizimning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida islohotlarning xalqimiz hayotida o‘z aksini topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda bu sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, davlat xizmatchilarining mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish masalalariga ham yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat fuqarolik xizmatchilarining ish haqi tizimini takomillashtirishga oid takliflar bilan tanishgani bu borada mutlaqo yangi, chuqur tahlillar asosida ishlab chiqilgan shaffof va adolatli tizim joriy etilishidan dalolatdir.

Bir qarashda bu masala oddiy iqtisodiy yoki moliyaviy islohotdek tuyulishi mumkin. Aslida esa gap davlat boshqaruvining butun falsafasini o‘zgartirish haqida ketmoqda. Chunki har qanday davlat xizmatchisi o‘z mehnati adolatli baholanishiga ishongandagina tashabbus ko‘rsatadi, o‘z ustida ishlaydi va el-yurt manfaati yo‘lida sadoqat bilan xizmat qiladi.

O‘rni kelganda, so‘nggi yillarda davlat xizmati sohasida qator tarixiy qarorlar qabul qilinganini qayd etish joiz. Xususan, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun bilan davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari hamda kasbiy faoliyatining asosiy tamoyillari mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvi apparati optimallashtirildi. Agar 2016-yilda davlat organlarida boshqaruv xodimlari soni 73 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni 54 ming nafargacha qisqartirildi. Bu shunchaki statistika emas, balki davlat boshqaruvini ixchamlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va har bir shtat birligining samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil siyosat natijasidir.

Taqdimotda yutuqlar bilan birga, sohada jiddiy nomutanosibliklar mavjudligi tilga olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar o‘rtaga tashlandi.

Bugungi kunda davlat xizmatchilari maoshining asosiy qismi lavozim maoshidan emas, turli ustama va qo‘shimcha to‘lovlar hisobiga shakllanmoqda. Lavozim maoshining ulushi ayrim hollarda umumiy ish haqining 15 foizidan ham oshmaydi. Qolgan mablag‘ esa o‘nlab turdagi ustama, mukofot va rag‘batlantirish to‘lovlaridan iborat.

Muammo shundaki, mazkur to‘lovlarning aksariyati xodimning mehnat natijasi bilan bog‘liq emas. Kimdir ko‘proq ustama oladi, yana kimdir aynan bir xil ishni bajarib turib, ancha kam haq oladi.

Natijada bir xil vazifani bajarayotgan ikki davlat xizmatchisining ish haqi o‘rtasida katta tafovut yuzaga keladi. Ayrim vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarida ishlayotgan mutaxassislar bilan mahalliy hokimliklarda aynan shu vazifani bajarayotgan xodimlarning maoshlari ham keskin farq qiladi. Bunday holat esa mehnat munosabatlaridagi eng muhim tamoyil — adolat mezonlariga umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, bugun mehnatga haq to‘lash tartibini belgilaydigan yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Turli davlat organlarida ellikdan ortiq normativ hujjat asosida maosh hisoblanadi. Bu esa bir idorada amal qilayotgan qoida boshqasida boshqacha bo‘lishiga, turlicha yondashuv va tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois yangi tizimni joriy etish davr talabidir.

Taklif etilayotgan yangi tizimning eng katta afzalligi shundaki, u mehnatga haq to‘lashni yagona mezonlar asosida tashkil etadi. Endi davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga ajratiladi. Xodimlar esa bajaradigan vazifalariga qarab ma’muriy boshqaruv, asosiy va qo‘llab-quvvatlash guruhlariga bo‘linadi.

Bu tasnif davlat xizmatining har bir bo‘g‘inida mas’uliyat darajasini aniq belgilash, vazifalarni tizimlashtirish va ularga munosib haq to‘lash imkonini beradi. Xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan 11 ta razryad va 6 ta pog‘onadan iborat yangi tarif setkasi esa davlat xizmatini kasbiy o‘sishga asoslangan tizimga aylantiradi. Endi lavozim o‘sishi ham, oylik maosh ham aniq qoidalar asosida shakllanadi.

Eng muhimi, har bir davlat xizmatchisi o‘z mehnati qay tarzda baholanishini, qaysi natija uchun ustama yoki bonus olishini oldindan biladi. Bu esa shaffoflikni ta’minlash bilan birga, shaxsiy mas’uliyatni ham kuchaytiradi.

Davlat xizmatida eng katta muammolardan biri yillar davomida mehnat natijasi bilan ish haqi o‘rtasidagi bog‘liqlikning yetarli darajada shakllanmagani edi. Kimdir vijdonan mehnat qildi, tashabbus ko‘rsatdi, yangi g‘oyalarni ilgari surdi. Yana kimdir vazifasini rasmiy tarzda bajarish bilan cheklandi. Ammo oylik maosh va rag‘batlantirish masalasida ular o‘rtasida sezilarli farq hamisha ham kuzatilmadi. Bu esa mehnat unumdorligiga ham, davlat xizmatining nufuziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy, albatta.

Yangi tizim aynan shu muammoni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Endi ish haqi faqat egallab turgan lavozimga emas, balki xizmatchining amaliy faoliyati, mas’uliyati va erishgan natijalariga qarab belgilanadi. Shuningdek, xodimning malakasi, funksional vazifalarni bajarish sifati, ijro intizomi, tashabbuskorligi hamda KPI ko‘rsatkichlari ham inobatga olinadi.

Yangi tizimda, shuningdek, bonuslarni to‘lash masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Bu rag‘batlantirish turi tasodifiy yoki subyektiv qarorlarga emas, balki xodimning ilg‘or axborot texnologiyalarini, jumladan, sun’iy intellekt, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgani, tajriba va malakasini oshirgani kabi aniq mezonlar asosida to‘lanadi. Mazkur talab davlat xizmatchisini doimiy o‘qishga, o‘z ustida ishlashga, zamon bilan hamnafas bo‘lishga undaydi.

Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va undan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Xususan, Singapur, Janubiy Koreya, Kanada va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda davlat xizmati yuqori professionallik va aniq mezonlar asosida shakllangan. Ularda davlat xizmatchilarining faoliyati faqat bajarilgan vazifalar soni bilan emas, balki erishilgan natija, jamiyat uchun yaratilgan qiymat va xizmat samaradorligi asosida baholanadi.

E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatini takomillashtirish doirasida taklif etilayotgan yangi yondashuvlar ham ana shu ilg‘or xalqaro tajriba va zamonaviy boshqaruv tamoyillariga hamohangdir. Ya’ni endi davlat xizmatchisining mehnati nafaqat bajarilgan vazifalar, balki aniq natija, tashabbuskorlik va fuqarolar manfaatiga qo‘shgan hissasi orqali baholanishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Yangi tizim bilan, shuningdek, davlat xizmatini baholashda barcha hududlar uchun yagona va adolatli mezon amal qiladi. Bu nima degani? Ya’ni endi mehnatga haq to‘lashda hududlar o‘rtasidagi farqlar emas, balki aniq vazifalar, mas’uliyat darajasi va erishilgan natijalar asosiy mezonga aylanadi. Tuman va shaharlardagi shtat birliklari hamda maoshlar esa aholi soni, iqtisodiy salohiyat va hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Bunday yondashuv davlat mablag‘laridan oqilona foydalanish bilan birga, har bir xizmatchi uchun teng imkoniyat va adolatli baholash muhitini yaratadi. Qaysi hududda faoliyat yuritishidan qat’i nazar, davlat xizmatchisi o‘z mehnati e’tibordan chetda qolmasligini his qiladi. Ana shu ishonch esa davlat xizmati nufuzini yanada oshiradi.

Muxtasar qilib aytganda, bugun Yangi O‘zbekistonda davlat xizmati oddiy boshqaruv vositasi emas, balki xalq ishonchi va taraqqiyotni belgilaydigan muhim institutga aylanadi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shu ma’noda mehnatga haq to‘lash tizimini yangilash faqat moliyaviy masala emas, balki davlat boshqaruvida adolat, samaradorlik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam, muhim islohotdir.

Yangi yondashuv davlat xizmatchisining qadrini uning lavozimi bilan emas, balki bilimi, tashabbusi, mas’uliyati va amaliy natijalari bilan belgilaydi. Bu esa yillar davomida shakllangan eski qarashlarga barham berib, natija va samaradorlikka asoslangan yangi boshqaruv madaniyatini shakllantiradi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish