Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati

Istiqlolning 35 yilligi arafasida ortga nazar tashlab, har bir sohada erishilgan yutuqlarni sarhisob qilar ekanmiz, O‘zbekistonning tashqi siyosatda bosib o‘tgan sharafli yo‘li ham ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz dunyo hamjamiyati bilan teng va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yib, xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini egalladi. Eng muhimi, bugun yurtimizning tashqi siyosati tinchlik, ochiqlik va milliy manfaatlarga tayangan holda yangi bosqichda davom etmoqda.

Shu o‘rinda mamlakatimiz tashqi siyosati shakllanishi, rivojlanishi jarayonlari, bosqichlari haqida to‘xtalib o‘tish joiz.

Birinchi bosqich - mustaqillik poydevori qo‘yilgan yillar. 1991–2000 yillarni qamrab olgan bu davr O‘zbekiston uchun, avvalo, milliy suverenitetni mustahkamlash va dunyoga mustaqil davlat sifatida tanilish davri bo‘ldi. Yangi davlat oldida ulkan vazifa turardi: jahon siyosiy xaritasida o‘z o‘rnini topish, xalqaro huquqning to‘laqonli sub’yekti sifatida e’tirof etilish va xorijiy davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish.

Qisqa tarixiy muddat ichida O‘zbekiston BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi, ko‘plab davlatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari ochildi, poytaxtimizda esa turli davlatlarning elchixonalari faoliyat yurita boshladi. Kechagina mustaqillikka erishgan mamlakat jahon hamjamiyati bilan teng muloqot qiladigan davlat sifatida shakllana boshladi.

Bu davrda tashqi siyosatning milliy asoslari ham yaratildi. O‘zbekiston xorijiy tajribani o‘rgangan holda, o‘z milliy manfaatlari va davlatchilik xususiyatlariga mos yo‘lni tanladi. Suverenitet, hududiy yaxlitlik, milliy xavfsizlik, tinchliksevarlik, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va o‘zaro manfaatli hamkorlik kabi tamoyillar tashqi siyosatimizning muhim ustunlariga aylandi.

Ikkinchi bosqich — xavfsizlik va geosiyosiy muvozanat davri. 2000–2010 yillar tashqi siyosatimiz uchun murakkab geosiyosiy jarayonlar fonida kechdi. Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari keskinlashib, terrorizm, ekstremizm va Afg‘onistondagi beqarorlik mintaqaning barqarorligiga jiddiy tahdid sola boshladi. 1999 yilgi Toshkent voqealari va keyingi mintaqaviy jarayonlar mamlakat tashqi siyosatida xavfsizlik masalasiga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirdi.

 

Bu davrda O‘zbekiston yirik geosiyosiy kuch markazlari — Rossiya, AQSh va Xitoy bilan munosabatlarda o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda muvozanatni saqlashga intildi. 2001 yildan keyin Afg‘onistondagi vaziyat va xalqaro aksilterror operatsiyalari mintaqadagi siyosiy muhitga katta ta’sir ko‘rsatdi. Xonoboddagi harbiy aerodromdan foydalanish bilan bog‘liq hamkorlik ham O‘zbekiston tashqi siyosati uchun muhim va murakkab qarorlardan biri bo‘ldi.

2005 yildagi mudhish Andijon voqealaridan keyin G‘arb davlatlari bilan munosabatlarda yuzaga kelgan sovuqlik esa tashqi siyosatda yangi yondashuvlarni taqozo etdi. Bu yillar O‘zbekiston diplomatiyasi uchun geosiyosiy vaziyatni chuqur tahlil qilish, milliy xavfsizlikni birinchi o‘ringa qo‘yish va tashqi munosabatlarda ehtiyotkorlikni kuchaytirish davri bo‘ldi.

Uchinchi bosqich — ehtiyotkorlik va konservativ tashqi siyosat davri. 2010–2016 yillarda mamlakat tashqi siyosatida yanada ehtiyotkor va konservativ yondashuv ustunlik qildi. O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatida aniq qoidalar belgilab olindi. 2012 yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasi mamlakatning harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligi, hududida xorijiy harbiy bazalar joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi kabi printsiplarni mustahkamladi.

Mazkur davrni tashqi siyosatda shartli ravishda ehtiyotkorlik davri deb atash mumkin. Mamlakat tashqi dunyo bilan munosabatlarni saqlab qolgan bo‘lsa-da, tashqi siyosiy aloqalarda ehtiyotkorlik ustuvor ahamiyat kasb etdi. Bu esa keyingi bosqichda tashqi siyosatni qayta ko‘rib chiqish va yangi yondashuvlarga ehtiyojni kuchaytirdi.

To‘rtinchi boschiq barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lgan ochiqlik, pragmatizm va yangi diplomatiya davridir. 2016 yildan keyin O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi sahifa ochildi. Tashqi siyosatda ochiqlik, pragmatizm, o‘zaro manfaat va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari ustuvor yo‘nalishga aylandi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilash va mintaqada o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish tashqi siyosatimizning eng muhim tamoyiliga aylandi.

Qo‘shni davlatlar bilan yillar davomida yechimini kutib turgan chegara, transport, savdo, suv va boshqa masalalarni muzokaralar orqali hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Ilgari odamlar va tadbirkorlar uchun jiddiy to‘siq bo‘lgan chegaradan o‘tib qaytish jarayonlari yengillashdi, transport va savdo aloqalari tiklandi. Eng muhimi, xalqlar o‘rtasidagi azaliy qardoshlik va yaqinlik yanada mustahkamlandi.

 

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi tashqi siyosiy yondashuvi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga ham yangi ruh olib kirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Ushbu muloqot maydoni davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, umumiy muammolarni birgalikda muhokama qilish va mintaqa kelajagiga daxldor masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirish uchun muhim platformaga aylandi.

Natijada Markaziy Osiyoda bir vaqtlar murakkab va bahsli masala sifatida qaralgan qator muammolarni tinch, siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Suv-energetika sohasida ham qarama-qarshilik emas, balki hamkorlikka asoslangan yondashuv kuchaydi. Qirg‘iziston va Tojikistondagi yirik energetika loyihalarida O‘zbekistonning ishtiroki ana shu yangi mintaqaviy hamkorlik ruhining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Yangi tashqi siyosat iqtisodiy munosabatlarga ham katta turtki berdi. Qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar kengaydi, qo‘shma korxonalar soni ortdi, investitsiyaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Diplomatik munosabatlardagi iliqlik asta-sekin iqtisodiy hamkorlikka, iqtisodiy hamkorlik esa umumiy taraqqiyot manfaatlariga aylana boshladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tashqi siyosatining geografiyasi ham kengaydi. AQSh, Rossiya, Xitoy, Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi bilan bir qatorda Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bilan strategik va o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlandi. Markaziy Osiyo plyus formatlari orqali mintaqamiz yirik davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan muloqotning yangi maydoniga aylandi.

O‘zbekistonning BMT doirasidagi faolligi ham sezilarli darajada ortdi. Mamlakatimiz tashabbusi bilan qator muhim rezolyutsiyalarning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro kun tartibini shakllantirishdagi ishtiroki kengayib borayotganini ko‘rsatdi. Bu esa tashqi siyosatimizning faqat ikki tomonlama munosabatlar bilan cheklanib qolmayotgani, balki global va mintaqaviy muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuskor diplomatiyaga aylanayotganidan dalolatdir.

Tashqi siyosatdagi yangi yondashuv yirik transport va energetika loyihalarida ham o‘z aksini topdi. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li kabi strategik loyihalar mamlakatimizning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, transport-logistika salohiyatini oshirish va mintaqaviy iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Bir vaqtlar mamlakatlarni bir-biridan ajratib turgan muammolar bugun ularni bog‘laydigan loyihalarga aylanmoqda.

Umuman olganda, mustaqil O‘zbekistonning 35 yillik tashqi siyosat tarixi, izlanish, tajriba, sinov va yangilanishlar davridir. Dastlabki yillarda asosiy maqsad dunyoda o‘z o‘rnini topish va mustaqil davlat sifatida tan olinish bo‘lgan bo‘lsa, bugungi bosqichda mamlakatimiz xalqaro munosabatlarda tashabbus ko‘rsatayotgan, o‘z manfaatlarini ochiq ifoda etayotgan va mintaqaviy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatayotgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz tashqi siyosati yillar davomida oddiy tan olinish bosqichidan tashabbuskor va faol diplomatiya bosqichiga ko‘tarildi. Bugun qo‘yilayotgan mustahkam poydevor esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada yuksaltirish, milliy manfaatlarni ishonchli himoya qilish va yorqin kelajak sari dadil qadam tashlash uchun xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish