Mamlakatimiz rahbarining Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilgani, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan yaxshi qo‘shnichilik, konstruktiv va o‘zaro manfaatli munosabatlarga asoslangan tashqi siyosat natijasida mamlakatimizning qo‘shni davlatlar bilan aloqalari tubdan o‘zgardi. Hozirda o‘zaro ishonch, hurmat va rivojlanish ushbu aloqalarning negizini tashkil qilmoqda.
Ushbu o‘zgarishlarni biz Qirg‘iziston bilan munosabatlarimizda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Zero, oxirgi yillarda ikki tomonlama aloqalar barcha sohalarda sezilarli darajada faollashdi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 1,2 milliard dollarga yetdi. Ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, investitsiyaviy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha katta natijalarga erishildi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oldi. Muzokaralar yakunida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim huquqiy asoslarni yaratdi. Ayniqsa, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.
Mazkur shartnoma ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, davlatlarimizning o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida harakat qilishini yanada mustahkamlamoqda. Ushbu hujjat nafaqat siyosiy irodaning ifodasi, balki O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining umumiy tarixiy ildizlari, yaqin madaniy qadriyatlari hamda mushtarak kelajakka bo‘lgan intilishlarining huquqiy timsolidir.
Hujjat xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, tashqi siyosat sohasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar sohadagi birgalikdagi faoliyatimizni jadallashtirish, chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi ishlarni rivojlantirish kabi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning barcha sohalari uchun yanada mustahkam zamin yaratmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, avvalo, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy munosabatlarning natijasidir. Chegara masalalarining hal etilishi, savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishi, madaniy-gumanitar munosabatlarning faollashuvi ikki tomonlama hamkorlikning yangi sahifalarini ochdi.
Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning tizimli rivojlanishi birgalikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda ham o‘z isbotini topmoqda. Jumladan, energetika sohasidagi hamkorlikning strategik ahamiyatini namoyon etuvchi Qambarota GES-1 qurilishi, Markaziy Osiyoning xalqaro transport yo‘laklaridagi o‘rnini yanada mustahkamlovchi “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, davlat chegarasining uchastkalari, fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishi, madaniyat va turizm hamda agrosanoat majmuasi sohasidagi hamkorlikka oid tashrif davomida almashilgan qator muhim hujjatlar shular jumlasidandir.
Albatta, ushbu loyihalar va hujjatlar, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar kechayotgan bugungi sharoitda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining qaror topishi butun mintaqa barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘zaro yaqin va ishonchli munosabatlarga asoslangan hamkorlik nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki butun Markaziy Osiyoning taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida Prezidentimiz Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofoti - I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak mukofotni davlatimiz rahbarining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini, barcha sohalardagi hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi qirg‘iz xalqi hamda Qirg‘iziston Prezidenti tomonidan yuksak e’tirof etilgani sifatida ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu mukofot davlatimiz rahbarining nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga, balki butun Markaziy Osiyoda tinchlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari e’tirofi sifatida ham namoyon bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, birodarlik va hamjihatlik munosabatlarining ramziy ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari oddiy diplomatik aloqalar doirasidan chiqib, xalqlarimizni yaqinlashtiradigan, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytiradigan va kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratadigan strategik sheriklikka aylanmoqda.