O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida «Art-Karavan: madaniyatlar muloqoti» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat rassomlarining turli janr va yo‘nalishlarda yaratgan asarlari namoyish etildi.
Ekspozitsiyada Turkiston rassomlik maktabi an’analari zamonaviy san’at bilan uyg‘unlashgan. Ayrim asarlarda rus plener maktabiga xos uslublar Sharq bezak san’ati bilan, boshqalarida esa Yevropa modernizmi Sharq miniatyurasi an’analari bilan tutashadi.
Loyiha nomidagi karvon obrazi turli davrlar, makonlar va badiiy an’analar o‘rtasidagi aloqani ifodalaydi. O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, tarixiy me’morchiligi va tabiiy manzaralari esa rassomlar uchun ilhom manbai bo‘lib kelmoqda.
Loyiha rahbari va tashkilotchisi, O‘zbekistonda tug‘ilib ulg‘aygan rassom Irina Kovalenkoning aytishicha, «Art-Karavan» 2022-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan ilk ijodiy plenerlardan boshlangan. O‘shandan buyon har yili bahor va kuzda rossiyalik rassomlar O‘zbekistonning turli hududlarida ochiq havoda rasm chizish uchun yig‘iladi. Plenerlarda yaratilgan asarlar keyinchalik ikki mamlakatdagi ko‘rgazmalarda namoyish etiladi.
2026-yil sentyabrida Moskvadagi «Vixino» galereyasida O‘zbekistonning turli hududlarida yaratilgan yuzdan ortiq asar taqdim etildi. 21–25-oktyabr kunlari esa Zurab Sereteli nomidagi San’at galereyasida loyiha doirasida yana bir ko‘rgazma tashkil etildi. Undan Xivada o‘tgan plenerlarda yaratilgan asarlar ham o‘rin oldi.
«Art-Karavan» dasturiga plener va ko‘rgazmalar bilan birga davra suhbatlari hamda ilmiy konferensiyalar ham kiradi. Bu uchrashuvlarda O‘zbekiston va Rossiya rassomlari, san’atshunoslari va madaniyat namoyandalari tajriba almashadi hamda turli badiiy maktablar an’analarini muhokama qiladi. Tashkilotchilar fikricha, bunday muloqot san’at orqali xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.