O‘zbekiston va Janubiy Koreya xalqlarini yillar sinovidan o‘tgan mustahkam do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog‘lab turadi. So‘nggi yillarda davlat rahbarlarining izchil va uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tom ma’noda rivojlanmoqda.
Bugun o‘zaro hamkorlik yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, sanoat, energetika, transport, tibbiyot, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni qamragan holda kengayib bormoqda. Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 8 milliard dollardan oshgani ham munosabatlar ko‘lamidan dalolatdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning taklifiga binoan 13–16-sentyabr kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada boyitish, alohida strategik sheriklikni yangi mazmun bilan to‘ldirish va hamkorlikning yangi ufqlarini ochish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tashrifning ilk kunlaridayoq alohida iliq taassurot qoldirgan uchrashuvlardan biri davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqoti bo‘ldi. Prezidentimiz yurtdoshlarimiz bilan samimiy suhbatlashib, ularning bugungi faoliyati, o‘qish jarayoni, erishayotgan yutuqlari va kelgusi rejalari bilan yaqindan qiziqdi. Bu muloqot xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash va salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga yo‘naltirishga qaratilayotgan e’tiborning yana bir ifodasidir.
Davlat tashrifining siyosiy ahamiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreyaning nufuzli “The Chosun Daily” va “The Korea Herald” nashrlarida e’lon qilingan “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” nomli maqolasida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchning tarixiy asoslari, alohida strategik sheriklikning bugungi holati va uni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari keng yoritildi.
Prezidentimiz Koreya Respublikasining qisqa davrda yuqori texnologiyali va farovon davlatga aylangan taraqqiyot tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, hamkorlikni sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” kabi istiqbolli yo‘nalishlarda kengaytirish zarurligini qayd etdi. Bu yondashuv ikki davlat munosabatlarini an’anaviy hamkorlik doirasidan chiqarib, texnologik va innovatsion sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Maqolada ilk marta o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi” sammitiga ham alohida e’tibor qaratilib, davlatimiz rahbari ushbu formatni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirish uchun muhim platforma sifatida ko‘rayotganini ta’kidlagan. Zero, bugun Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish nafaqat ikki tomonlama, balki keng mintaqaviy manfaatlarga ham javob beradi.
Tashrif dasturida O‘zbekiston - Koreya biznes forumi ham alohida o‘rin tutadi. Davlatimiz rahbarining mazkur nufuzli anjuman ochilishida nutq so‘zlashi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi bevosita muloqotni yanada faollashtirish, o‘zaro savdoni kengaytirish va yangi investitsiyaviy tashabbuslarni ilgari surishga katta turtki beradi.
Biznes forumi, avvalo, Koreyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlarini O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlaridagi yangi loyihalarga jalb etish uchun samarali maydondir. Eng muhimi, u yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy korxonalarning global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuvi uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, siyosiy ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.