SHHTning Bishkek sammitida O‘zbekiston tashabbuslarining ahamiyati

Ma’lumki, Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjuman tashkilotning o‘tgan 25 yillik faoliyatini sarhisob qilish barobarida, kelgusidagi dolzarb va ustuvor vazifalarni belgilab olishga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘tgan yillar davomida salmoqli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tib, bugun Yevroosiyoda siyosiy muloqot, o‘zaro ishonch va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan nufuzli xalqaro minbar sifatida tobora rivojlanib bormoqda.

Tashkilot tarkibining kengayishi, uning mexanizmlari rivojlanishi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishi SHHTning mintaqaviy va xalqaro taraqqiyotning dolzarb masalalarini hal etishdagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston SHHT tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar hamkorlik platformasi sifatida mustahkamlanishini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatimiz 2003–2004, 2009–2010, 2015–2016 va 2021–2022-yillarda unga raislik qildi. Ayniqsa, tashkilot tarixida 2016-yilgi Toshkent sammiti alohida o‘rin tutadi. Zero, unda erishilgan kelishuvlar Tashkilotning geografik qamrovi va xalqaro nufuzini yanada kengaytirishga xizmat qildi.

2017-yildan boshlab O‘zbekiston SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskorlik yo‘liga o‘tdi. 2017–2025-yillar mobaynida davlatimiz rahbari tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsion va boshqa sohalarda 118 ta tashabbus ilgari surildi. Bu esa mamlakatimizning SHHT doirasidagi faol va konstruktiv o‘rnini yanada mustahkamladi.

Tashkilot rivojida 2022-yil sentabr oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan sammit alohida o‘rin tutadi. Chunki uning yakunlari bo‘yicha rekord darajadagi 44 ta hujjat qabul qilindi. Ular savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasi, energetika, raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.

Prezidentimizning shu yil 1-sentabr kuni Bishkek shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol, tashabbuskor va konstruktiv pozitsiyasini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Davlatimiz rahbari SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarga e’tibor qaratib, Tashkilotning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Masalan, “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqish taklifi umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratish va a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini mushtarak maqsadlar atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Ya’ni bu yerda gap tarmoq dasturlar majmuidan investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar harakati, qo‘shma ishlab chiqarishlar hamda hududlar va biznesning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari mavjud bo‘lgan o‘zaro bog‘liq makonning umumiy modeliga o‘tish haqida ketmoqda.

Yurtboshimiz tomonidan Bishkek sammitida ilgari surilgan eng muhim amaliy tashabbuslardan yana biri SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish bo‘ldi. Ushbu mexanizm Tashkilotning ulkan geografik va iqtisodiy ko‘lamini real transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlariga aylantirib, ishbilarmonlar, investorlar va davlat tuzilmalari uchun yaratilgan yagona universal raqamli darchada maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini birlashtiradi. Bu esa ular uchun yangi loyihalarni shakllantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga imkon beradi.

Bishkek sammitida, shuningdek, davlatimiz rahbari yig‘ilganlar e’tiborini SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tishga chaqirdi. Bu tashkilot uchun qanchalik muhim? SHHTda transport, energetika va raqamli sohalarga oid g‘oyalar ko‘p, biroq ularni moliyalashtiriladigan loyihalarning tayyor portfeliga aylantiradigan o‘z mexanizmi yo‘q. Banklararo birlashma banklar faoliyatini muvofiqlashtiradi, lekin yagona ekspertiza, birgalikda moliyalashtirish va nazorat mezonlariga ega bo‘lgan taraqqiyot institutining o‘rnini bosa olmaydi. Bank, birinchi navbatda, foyda va xatarlari bir nechta davlat o‘rtasida taqsimlanadigan ko‘p tomonlama loyihalar uchun aynan shu institutsional bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin.

Bugun iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global xavf-xatarlar oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. Bunday sharoitda ushbu yo‘nalishlarni bir-biridan alohida emas, balki o‘zaro chambarchas bog‘liq holda ko‘rib chiqish, SHHT makonida yagona va muvofiqlashtirilgan kun tartibini shakllantirish hayotiy zaruratga aylanmoqda.

Ushbu jarayonda SHHTning kompleks dasturlarni, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etish muhim amaliy qadam bo‘ladi. 2035-yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va umumiy xavf-xatarlarga birgalikda samarali yechim topishga xizmat qiladi. Zotan, bugungi murakkab ekologik sharoitda barqaror taraqqiyotga faqat o‘zaro ishonch, hamjihatlik va amaliy hamkorlik orqali erishish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, SHHTning Bishkek sammitida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar o‘zaro ishonch, tinchlik va mushtarak taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizning Tashkilot doirasidagi faol va tashabbuskor pozitsiyasini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish