Boshpanasiz shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda yangi tizim

O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar bilan ishlash tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Prezidentning 2026-yil 3-avgustdagi “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ–288-son qarori boshpanasiz insonlarga munosabatda yangi yondashuvni belgilaydi.

Qarorning asosiy mazmuni insonni faqat vaqtincha joylashtirish bilan cheklanmasdan, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tiklash, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishini ta’minlash, kasb o‘rganishi va ishga joylashishiga ko‘maklashish orqali jamiyatga qayta integratsiya qilishdan iborat.

Ichki ishlar organlari tizimidagi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari endilikda Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb yuritiladi.

Nomning o‘zgarishi muassasalar faoliyatidagi yangi yo‘nalishni ham anglatadi. Avvalgi tartibda markazlar faoliyatida shaxsni aniqlash, profilaktik nazorat, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabi vazifalar birgalikda bajarilgan. 2018-yilda tasdiqlangan nizomda reabilitatsiya shaxsga huquqiy, ijtimoiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish hamda uni jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga moslashtirishga qaratilgan choralar majmui sifatida belgilangan edi.

Yangi tartibda esa markazlar, avvalo, boshpanasiz qolgan inson uchun xavfsiz vaqtinchalik joy va ijtimoiy tiklanish xizmatlarini taqdim etuvchi muassasa sifatida faoliyat yuritadi.

Sud qarori bilan joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi

Qarordagi eng muhim o‘zgarishlardan biri - boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyotining bekor qilinishidir.

2026-yil 1-sentyabrdan boshlab shaxs markazga uning roziligi bilan joylashtiriladi. Bu yordam ko‘rsatishda majburlashdan ko‘ra insonning ixtiyoriy ishtiroki va ehtiyojiga asoslangan yondashuv kuchaytirilayotganini anglatadi.

Boshpanasiz shaxs markazga o‘z murojaati asosida, “mahalla yettiligi” tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori ko‘magida yo‘naltirilishi mumkin. Har bir shaxs uchun hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirishni nazarda tutuvchi individual reja ishlab chiqilishi belgilangan.

Vaqtinchalik boshpana bilan birga asosiy ehtiyojlar ta’minlanadi

2026-yil 1-sentyabrdan markazlarga joylashtirilgan shaxslar:

  • - vaqtinchalik boshpana;
  • - oziq-ovqat;
  • - shaxsiy gigiyena vositalari;
  • - ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan ta’minlanadi.

Oziq-ovqat va gigiyena vositalari markazlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan beriladi. Bu yordam insonning faqat tunash joyiga bo‘lgan ehtiyojini emas, balki uning kundalik hayotini tiklash uchun zarur bo‘lgan eng asosiy sharoitlarni ham qamrab oladi.

Markazdagi har bir shaxs bilan bir xil tartibda emas, uning holati va ehtiyojiga qarab ishlanadi. Shu maqsadda individual ijtimoiy tiklanish rejasi tuziladi. Masalan, bir shaxsga yo‘qolgan pasportini tiklash va tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarur bo‘lsa, boshqasiga kasb o‘rganish, doimiy daromad manbaini topish yoki oila a’zolari bilan aloqani qayta o‘rnatish bo‘yicha yordam kerak bo‘lishi mumkin.

Boshpanasizlik faqat uy-joy masalasi emas

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmaslik ko‘pincha bir nechta muammoning bir vaqtning o‘zida to‘planishi natijasida yuzaga keladi. Shaxs:

  • - hujjatlarini yo‘qotgan;
  • - doimiy ish va daromaddan ayrilgan;
  • - oilasi bilan aloqasi uzilgan;
  • - tibbiy yoki psixologik yordamga muhtoj;
  • - yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga ega bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

Shu sababli odamga faqat vaqtinchalik yotoq berish uning muammosini to‘liq hal etmaydi. Hujjatsiz shaxs qonuniy ishga joylashish, ayrim davlat xizmatlaridan foydalanish yoki ijtimoiy yordam olishda qiyinchilikka duch keladi. Daromad manbai bo‘lmasa, markazdan chiqqanidan keyin yana ko‘chada qolib ketish xavfi saqlanib qoladi. Yangi tizim aynan shu uzviy muammolarni bosqichma-bosqich hal qilishga qaratilgan.

Kasbga o‘qitish uchun vaucher beriladi

2026-yil 1-oktyabrdan ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etish imkoniyati yaratiladi. Tuman va shahar kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari ular uchun kasbga o‘qitish vaucherlarini ajratadi.

Bu mexanizm orqali shaxs mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan kasbni o‘rganishi, malaka olishi va keyinchalik ishga joylashishi mumkin. Demak, yangi tizimning maqsadi insonni markazda uzoq vaqt saqlash emas, uni mustaqil hayotga tayyorlashdan iborat.

Kasbga o‘qitish va bandlikka ko‘maklashish boshpanasizlikning takrorlanish xavfini kamaytiradigan muhim omildir. Doimiy daromadga ega bo‘lgan shaxs ijara haqini to‘lash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va kundalik ehtiyojlarini mustaqil qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Markazda yashayotgan davrida boshpanasiz shaxs shu muassasa manzili bo‘yicha vaqtincha turgan joyidan ro‘yxatga olinadi.

Mazkur tartib amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega. Chunki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatning mavjudligi ko‘plab huquqiy va ijtimoiy jarayonlarda zarur bo‘ladi. Vaqtincha ro‘yxat orqali shaxsning davlat idoralari bilan aloqasi tiklanadi va unga tegishli xizmatlarni rasmiylashtirish osonlashadi.

Bundan tashqari, vaqtincha ro‘yxatga olish hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat boji “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Bu, ayniqsa, hech qanday daromad manbaiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun muhim. Davlat boji va hujjat rasmiylashtirish xarajatlarini mustaqil to‘lash imkoniyati bo‘lmasa, shaxs hujjatsiz qolishda davom etishi mumkin edi. Yangi tartib ushbu moliyaviy to‘siqni bartaraf etishga xizmat qiladi.

 

Boshpanasiz shaxslarning hayotiy vaziyati bir-biridan farq qiladi. Shu sababli barcha uchun bir xil yordam chorasi samarali bo‘lavermaydi.

Individual reja shaxsning sog‘lig‘i; hujjatlarining mavjudligi; mehnat qobiliyati; kasbiy ko‘nikmalari; oila va qarindoshlari bilan aloqasi; uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji; ijtimoiy va psixologik holatini hisobga olgan holda shakllantiriladi.

Rejada yordamning aniq bosqichlari, mas’ul tashkilotlar va kutilayotgan natijalar belgilanishi mumkin. Masalan, dastlab shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, undan keyin pasportini tiklash, so‘ng kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi.

Shunday yondashuv xizmatlarning tarqoq holda emas, yagona maqsad - shaxsning mustaqil hayotga qaytishi yo‘lida muvofiqlashtirilishiga imkon beradi.

 

PQ–288-son qarori O‘zbekistonda boshpanasiz shaxslarga yordam ko‘rsatish tizimini yangi bosqichga olib chiqadi.

2026-yil 1-sentyabrdan markazlarga joylashtirish rozilik asosida amalga oshiriladi, shaxslar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat, gigiyena vositalari va individual ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlanadi. 1-oktyabrdan esa ularni ishsiz deb e’tirof etish va kasbga o‘qitish uchun vaucher ajratish imkoniyati yaratiladi.

Vaqtincha ro‘yxatga olish, hujjatlarni tiklash xarajatlarini qoplash, kasbiy tayyorgarlik va bandlikka ko‘maklashish kabi choralar boshpanasizlikning faqat oqibatlari bilan emas, uning sabablarini bartaraf etish bilan ishlash imkonini beradi.

Yangi tizimning bosh maqsadi insonni vaqtincha ko‘chadan olib kirish emas, balki unga o‘z hayotini qayta tiklash va jamiyatga qaytish uchun zarur sharoit yaratishdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish