Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir

 

Istiqlol har qanday millatning nafaqat siyosiy erkinligi, balki uning milliy o‘zligini anglashi, asriy qadriyatlarini tiklashi va ma’naviy yuksalishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadigan bebaho ne’mat, buyuk tarixiy voqelikdir.

Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yillik to‘yi arafasida bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, mamlakatimizda milliy qadriyatlarni asrash, tarixiy xotirani uyg‘otish va ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan yangi bosqichga olib chiqish borasida asrlarga tatigulik ulkan ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, keyingi yillarda ma’naviyatni jamiyatni harakatlantiruvchi kuchga, islohotlarning eng ta’sirchan va qudratli quroliga aylantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Biz Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasidagi milliy g‘oyamizni amalga oshirishda, avvalo, mana shunday qudratli ma’naviy kuchga, ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanamiz.

Bugun Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatlarini ta’minlash va ma’naviy taraqqiyotni mustahkamlash davlatimiz mustaqilligining bosh kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, degan chuqur ma’noli, falsafiy kontseptsiyasi yurtimizdagi barcha yangilanishlarning tub mazmun-mohiyatiga aylandi. Mazkur ulug‘vor g‘oya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotbaxsh kuchini ifoda etadi. Zero, iqtisodiy va texnologik taraqqiyot qanchalik muhim bo‘lmasin, u ma’naviy barkamollik, insoniy fazilatlar va milliy qadriyatlarga tayanmasa, jamiyatda barqaror yuksalishni hamda kelajak avlod osoyishtaligini ta’minlay olmaydi.

Milliy qadriyatlar — xalqning ko‘p asrlik tarixi, urf-odatlari, an’analari, ona tili, muqaddas dini, boy madaniyati va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan beqiyos boylikdir. Buyuk ajdodlarimiz ham jamiyat va davlat taraqqiyotida ma’naviyatning hal qiluvchi o‘rniga alohida e’tibor qaratganlar. Xususan, Sharqning buyuk mutafakkiri Abu Nasr Forobiy: Inson kamoloti jamiyat kamoloti bilan chambarchas bog‘liqdir, deya ta’kidlagan bo‘lsa, so‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy: Odamiy ersang, demagil odamiy, onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami, deb insonparvarlik, el-yurt dardi bilan yashash va jamiyat oldidagi mas’uliyat g‘oyalarini yuksak bosqichga ko‘targan.

Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shu buyuk ma’naviy meros davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim tayanchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida yot g‘oyalarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitetni shakllantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi ishlar faqat targ‘ibot va tadbirlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash, ayniqsa, yoshlarni kitob, ilm va ijodga keng jalb etishga qaratilgan loyihalar tobora ommaviy va tizimli tus olmoqda. Jumladan, “Yosh kitobxon” tanlovi orqali 2017–2025 yillar davomida 4,7 milliondan ortiq yosh qamrab olingan. “Mutolaa” loyihasi doirasida esa 3 million nafar yosh qamrab olinib, 1 827 ta audio va 2 382 ta elektron kitob yaratilgan. Bu raqamlar kitobxonlikni oddiy ma’rifiy tadbirdan yoshlarning kundalik intellektual ehtiyojiga aylantirishga qaratilgan yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, kitobxonlikni oila muhitiga olib kirishga qaratilgan tashabbuslar e’tiborga molik. “Yosh kitobxon oila” tanlovi bu borada ota-onaning shaxsiy namunasi va oilaviy mutolaaning tarbiyaviy ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. 2025-yilgi mavsumda tanlovda 96 mingdan ortiq yosh oila ishtirok etgani, 2026-yil mart oyida esa respublika bosqichi g‘oliblari taqdirlangani loyihaning keng jamoatchilikka singib borayotganidan dalolat beradi.

Kitoblarning mazmun va sifat jihatidan boyitilayotgani ham muhim. “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida jahonning sara ilmiy-ommabop asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish yo‘lga qo‘yildi. 2025-yilda 27 nomdagi kitob 81 ming nusxada chop etilib, oliy ta’lim muassasalari, kutubxonalar va boshqa ta’lim muassasalariga yetkazildi. 2026-yilda yana 60 ta kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilish rejalashtirilgan. Bu tashabbus yoshlarning milliy adabiyot bilan bir qatorda zamonaviy ilm-fan va jahon tafakkuri namunalaridan bahramand bo‘lishi uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, kitobxonlikni targ‘ib qilish usullari ham zamon talablariga moslashmoqda. “Kitob karvoni” kabi tashabbuslar orqali kitoblar maktab, kutubxona va mahallalarga yetkazilmoqda, elektron va audio formatlardan foydalanish kengaymoqda. Ayrim hududlarda esa uyushmagan yoshlarni ham jarayonga jalb etish maqsadida “Sayyor kutubxona”, kitob taqdimotlari, adabiy kechalar va mutolaa musobaqalari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mazmunini yangilash va ularning samaradorligini baholashga ham e’tibor kuchaymoqda. 2025-yildan davlat idoralarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini aniq mezonlar asosida baholash, ularning natijadorligini reyting orqali tahlil qilish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Bu esa ma’naviyat sohasidagi ishlarni faqat o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki ularning inson ongi, dunyoqarashi va xulq-atvoriga ta’siri bilan baholash zarurligini ko‘rsatadi.

Zero, bugungi axborot makonida yoshlarni turli yot va zararli g‘oyalardan himoya qilishning eng samarali yo‘li faqat taqiq yoki cheklovlar emas, balki ularda mustaqil fikrlash, axborotni tahlil qilish, haqiqatni yolg‘ondan ajratish va milliy qadriyatlarga tayangan holda o‘z pozitsiyasini shakllantirish ko‘nikmasini rivojlantirishdir. Shu ma’noda, kitobxonlik, sifatli ta’lim, milliy tarix va madaniy merosni chuqur o‘rganish, oila va mahalla muhitidagi tarbiyani kuchaytirish bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizim sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mustaqillikning qutlug‘ 35 yillik bayrami ostonasida xalqimizning asriy orzu-armonlari, boy ma’naviy merosi va milliy qadriyatlari asosida Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida erishilayotgan tarixiy yutuqlar har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz iftixor va yuksak fuqarolik mas’uliyatini uyg‘otmoqda. Bugun oldimizda turgan ulug‘vor vazifalarni bajarish va global tahdidlarga qarshi turishda ma’naviyat eng yengilmas kuchimiz bo‘lib qoladi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda kim yutadi? Ma’naviy jihatdan uyg‘oq, o‘z milliy manfaatini, milliy qadriyatlarini qat’iy himoya qila oladigan xalq yutadi. Zero, milliy qadriyatlar barqaror, ma’naviy hayot yuksak bo‘lgan jamiyatda hamisha tinchlik, taraqqiyot, millatlararo totuvlik va umumiy farovonlik bardavom bo‘laveradi. Bu yo‘lda fidokorona mehnat qilish esa har bir ziyolining, ma’naviyat targ‘ibotchisining muqaddas burchidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish