O‘zbekistonning sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish strategiyasi

Tarixdan yaxshi ma’lumki, insoniyat qator texnologik inqiloblarni boshdan kechirgan. Misol uchun, bug‘ mashinasi sanoat inqilobini boshlagan bo‘lsa, elektr energiyasi ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqqan, internet esa o‘rgimchak to‘ridek dunyoni bir-biriga bog‘lab, masofalarning ahamiyatini kamaytirdi. XXI asrning ikkinchi choragiga kelib, bashariyat yana bir ulkan burilishga guvoh bo‘lmoqda. Bu shubhasiz sun’iy intellekt davrining boshlanishidir.

Tan olish kerak, ayni paytda, davlatlarning raqobatbardoshligi faqat tabiiy resurs, ishlab chiqarish quvvatlari yoki geografik joylashuv bilan emas, balki ularning ma’lumotlardan qanday foydalana olishi, intellektual texnologiyalarni qanchalik tez o‘zlashtirishi va innovatsiyalarni qay darajada iqtisodiyotga tatbiq eta olishi bilan o‘lchanmoqda.

Sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda Prezidentimiz tomonidan masalaning aynan shu jihatiga alohida e’tibor qaratildi. Bu taqdimot nafaqat navbatdagi sohaviy yig‘ilish, balki mamlakatning kelgusidagi iqtisodiy va texnologik taraqqiyot strategiyasini belgilab beruvchi tarixiy voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Quvonarli jihati, mamlakatimiz sun’iy intellekt sohasiga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarildi. Albatta, natija yaxshi, lekin bunga maxliyo bo‘lmaslik kerak. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada 2030-yilgacha eng ilg‘or 50 ta davlat qatoriga kirish vazifasi yuklangan. Anglaganingizdek, mazkur mas’uliyatli vazifa kun tartibiga qo‘yilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad, sun’iy intellekt tizimi imkoniyatlarini iqtisodiyotning har bir sohasiga samarali tatbiq etishdir. Ya’ni infratuzilmani yaratish boshlangan ishlarning birinchi bosqichi xolos.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda joriy yilning o‘tgan oyida NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan edi. Mazkur superkompyuter jahon reytingida 321-o‘rinni egallaydi. Biroq, har qanday texnologik yangilik yoki qurilmaning haqiqiy qiymatini reyting emas, balki uni amaliyotga joriy etgan keyingi imkoniyatlari belgilaydi. E’tiborga molik jihati, superkompyuter ishga tushirilganidan atigi bir oy o‘tib, uning hisoblash imkoniyatlarining qariyb 90 foizi ishga solingani mamlakatimizda bunday quvvatlarga bo‘lgan talab naqadar yuqori ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Klaster yuklamasining qisqa muddatda yuqori darajaga chiqqani iqtisodiyotning turli tarmoqlarida intellektual texnologiyalarga bo‘lgan talab allaqachon shakllanganini ko‘rsatadi. Bu talab ilmiy izlanishlardan tortib davlat xizmatlari va xususiy sektordagi innovatsion loyihalargacha bo‘lgan keng qamrovli jarayonlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Yuqoridagi mulohazalar bir hayot haqiqatini yuzaga chiqaradi. Ya’ni XXI asrda strategik resurs tushunchasining mazmuni o‘zgarmoqda. Kechagina neft yoki gaz iqtisodiy qudrat ramzi bo‘lgan bo‘lsa, bugun yuqori hisoblash quvvati ana shunday maqomni shiddat bilan egallab bormoqda. Chunki sun’iy intellektni rivojlantirish ham, katta ma’lumotlar bilan ishlash ham, innovatsiyalarni yaratish ham aynan ana shu infratuzilmaga tayanadi. Hisoblash quvvati yetarli bo‘lmagan mamlakat esa texnologik poygada orqada qolishi muqarrar.

Shu bois taqdimotda mavjud hisoblash klasterini kengaytirish uchun qo‘shimcha 70 million dollar ajratish taklif etildi. Buni mamlakatning uzoq muddatli texnologik taraqqiyotiga qaratilgan strategik qaror sifatida qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki yuqorida ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt asrida raqobat tabiiy resurslar uchun emas, intellektual salohiyat va hisoblash quvvati uchun kechadi. Kim zamonaviy infratuzilmani sifatli va tez barpo etsa, katta ma’lumotlar bilan ishlash, yangi texnologiyalarni yaratish va ularni iqtisodiyotga jadallik bilan joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ertangi iqtisodiy ustunlikning eng muhim omilidir.

Masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratish juda muhim. Ya’ni sun’iy intellektning imkoniyatlari qanchalik keng bo‘lmasin, uning asosiy tayanchi ma’lumotdir. Ma’lumot qanchalik aniq, to‘liq va ishonchli bo‘lsa, algoritmlar ham shunchalik to‘g‘ri xulosa chiqaradi, samarali qarorlar qabul qiladi. Aksincha, sifatsiz ma’lumot hatto eng mukammal texnologiyaning ham imkoniyatlarini qisman cheklab qo‘yadi. Shuning uchun ham taqdimotda davlat rahbari tomonidan ma’lumotlar sifati masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Xo‘sh, ushbu vazifani amalga oshirish uchun ishni nimadan boshlash kerak? Jumladan, vazirlik va idoralardagi ma’lumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni yagona standart asosida tizimlashtirish, ishonchliligi va o‘zaro muvofiqligini ta’minlash mamlakatda sifatli ma’lumotlar ekotizimini shakllantiradi. Ana shu mexanizm asosida ish tashkil etilsagina, sun’iy intellektning haqiqiy imkoniyatlari to‘liq namoyon bo‘ladi. Zero, raqamli iqtisodiyot sharoitida ma’lumot shunchaki axborot emas, balki davlatning intellektual kapitali va texnologik mustaqilligini ta’minlaydigan strategik boylikdir.

Taqdimotda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, ekologiya, geologiya va jamoat xavfsizligi kabi sohalarda sun’iy intellekt asosida 100 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shuki,  texnologiyani inson manfaatiga xizmat qiladigan samarali vositaga aylantirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishdan iborat.

Sun’iy intellekt ekotizimining rivojlanishi uchun sog‘lom innovatsion muhit nihoyatda zarur. Shu bois taqdimotda IT Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi. Chunki yangi g‘oyalar aksariyat hollarda izlanuvchan va dunyoqarashi keng yoshlar qatlamida ko‘proq tug‘iladi.

Joriy yilda sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga yetkazish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga olib chiqish maqsad qilingan.

Bilamiz, inson omilisiz eng zamonaviy texnologiya ham bir buyum xolos. Shu ma’noda kadrlar tayyorlash masalasi sohaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda. Bugunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchining sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat olgani, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, 1 ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchining maxsus kurslarda o‘qitilgani bu boradagi ishlar tizimli tus olganini ko‘rsatadi.

Sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish mamlakat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘zbekistonning WAICO – Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti ta’sischilari qatoriga qo‘shilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi. Bu orqali mamlakat ilg‘or texnologiyalar, katta til modellari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro tajribalarni jalb qilish, shuningdek, global texnologik jarayonlarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Albatta, har bir yangilikning ortida o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bo‘ladi. To‘g‘ri, sun’iy intellekt og‘irimizni yengil qiladi,  lekin o‘z o‘rnida kiberxavfsizlikni ta’minlash, ma’lumotlar maxfiyligini himoya qilish, texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish va milliy raqamli kontentni rivojlantirish kabi masalalarni ham aslo unutmaslik kerak. Zotan, yangi texnologiyaning imkoniyatlari qanchalik keng bo‘lmasin, uning ko‘zga ko‘rinmaydigan salbiy oqibatlarini ham bartaraf etishga tayyor bo‘lishimiz lozim.

Muxtasar aytganda, bugun mamlakatimiz oldida turgan vazifa faqat sun’iy intellektni joriy etish emas. Asosiy maqsad, texnologiya, ilm-fan va inson salohiyati uyg‘unlashgan yangi texnologik taraqqiyot muhitini yaratishdir. Zero, rivojlanishni algoritmlar emas, balki ulardan oqilona foydalana oladigan bilimli va tashabbuskor odamlar belgilaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish