Inson qadri va adolat tamoyiliga asoslangan ijtimoiy himoya tizimining yangi davri

Istiqlolning keyingi o‘n yilida aholini ijtimoiy himoya qilish davlatimizning strategik va muhim vazifalaridan biriga aylandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ijtimoiy himoya masalasiga jamiyatda barqarorlik va adolatni ta’minlashning muhim asosi, deb qarab kelinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ilgari hech kim hatto gapirishga botina olmaydigan ijtimoiy muammolar ochiqchasiga tan olindi va ularni hal qilish davri boshlandi. Davlatimiz rahbarining bu jasorati har qanday e’tirofga munosib, albatta.

Olib borilgan izchil va tizimli islohotlar natijasida bugungi kunga kelib, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi o‘zgarish va yangilanishlar nafaqat qaror va dasturlarda, balki oilalar turmushida ham o‘z aksini topmoqda.

Prezidentimiz barcha davlat idoralari faoliyatiga joriy etgan xalq bilan muloqot tizimi mamlakatimizda ijtimoiy himoya bilan bog‘liq ko‘plab masalalar yig‘ilib qolganini ko‘rsatgandi. Misol uchun, kam ta’minlangan oilalarga nafaqalarni belgilashda aniq mezonlar yo‘qligi, ajratilgan mablag‘larning real ehtiyojga nisbatan kamligi kabi muammolar ijtimoiy adolatga erishish imkonini bermay kelayotgandi.

Qaysi oila qanday asosga ko‘ra nafaqa olishi kerak, degan dolzarb savolga qoniqarli javob topish mushkul bo‘lib qolgandi. Shunday holatlar kuzatilganki, uyida televizori yoki muzlatkichi borligi uchun nafaqa ololmagan oilalar bo‘lgan. Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning aynan muhtoj fuqarolarga yetib borishi, nafaqa miqdori eng zarur hayotiy ehtiyojlarni qanoatlantirishga yetarli bo‘lishi juda muhim bo‘lib, ochig‘i, bu borada ham kamchiliklar oz emasdi.

Yaqin yillargacha jamiyatimizda imkoniyati cheklangan kishilarga davlat idoralari va davlat xizmatchilarining munosabati ayanchli holatda edi, desak adolatdan bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi, ehtiyojmand oilalardagi muhit va kayfiyatni yaxshi bilishi natijasida yuqorida keltirilgan ijtimoiy himoya bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham butunlay yangi tizim yaratildi.

Xususan, kam ta’minlangan oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib qo‘yildi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ishga tushirilib, kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish boshlandi. Ochiqlik, tenglik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish vazifasi belgilandi.

Ilgari muhtoj oilalar va fuqarolarning katta qismiga turli sabab va bahonalar bilan nafaqa tayinlamaslik holatlari kuzatilgan, to‘g‘risi, mablag‘lar ham kamlik qilgan bo‘lsa, keyingi yillarda mablag‘ miqdori bir necha barobarga oshirildi. Masalan, 2026-yil 1-iyuldan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshirildi.

E’tiborga molik jihati shundaki, bu raqamlar nafaqaga muhtoj oilalar soni ortganini emas, balki ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy himoya yetib borayotganini anglatadi. “Imkoniyati cheklangan kishilar” degan tushuncha davlat va jamiyatning nogironlarga bo‘lgan tor, biryoqlama munosabatini ifodalab kelgan bo‘lsa, yangi islohotlar davrida, avvalo, qonunchilik o‘zgarib, “nogironligi bo‘lgan shaxslar” degan tushuncha yuzaga keldi.

Shu asosda davlat va jamiyat nogironlarga imkoniyati cheklanganlar deb emas, balki shaxs sifatida munosabatda bo‘lishga o‘tdi. Bu munosabat uning huquqlari tan olingani va ro‘yobga chiqishi uchun imkoniyat yaratilayotganini anglatadi.

Mana shu uchta misol mamlakatimizda ijtimoiy himoya masalasiga munosabat, e’tibor va mas’uliyat tubdan o‘zgargani, muammolarni yashirish emas, balki hal qilish uchun ham huquqiy, ham amaliy jihatdan izchil choralar ko‘rilayotganining isbotidir.

Ijtimoiy himoya tizimini samarali yo‘lga qo‘yishga dunyodagi eng rivojlangan davlatlarda ham tez va oson erishilmagan. Chunki bu yo‘nalish tegishli vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishni, avvalo, jamiyatdagi muhit va murakkab munosabatlarni o‘zgartirishni, aniq va qat’iy tizimga solishni taqozo etadi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 17-fevraldagi “2021–2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan chuqur tahlil, ilg‘or tajriba, xalqaro standartlar, respublikamizning barcha hududlarida olib borilgan o‘rganishlar va odamlar bilan muloqotlar asosida strategiya konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Ushbu ijtimoiy himoya strategiyasi Xalqaro mehnat tashkilotining ijtimoiy himoya minimal darajalari bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq, barcha fuqarolar uchun minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlaydigan tizimni yaratishga xizmat qilmoqda.

Strategiyada mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasiga davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish, qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish, oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni parvarishlash uchun to‘lanadigan nafaqa qamrovi kengaygani, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 dan 18 yoshgacha belgilangani, nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobarga, ishsizlik nafaqalarining eng kam miqdorlari esa 3,2 barobarga oshirilgani, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrument joriy etilgani yuqoridagi fikrimizga amaliy misol bo‘la oladi. Ilg‘or tajriba deganimiz shu: ijtimoiy himoya orqali daromadi, malakasi kam yoki salomatligida muammosi bor fuqarolarga manzilli yordam berib, ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish zarur.

Ehtiyojmand oilalarni qiyin vaziyatdan chiqarish bo‘yicha keyingi yillarda o‘ziga xos tajriba ham to‘plandi. Qanchadan qancha oilalar daromad manbaiga, davlatning manzilli yordami bilan uy-joyga ega bo‘ldi. Strategiya bilan bu boradagi ishlar yanada tizimlashtirilmoqda.

Umuman olganda, mazkur strategik hujjat Yangi O‘zbekistonni inson qadri ustuvor bo‘lgan, xalq farovonligi va roziligi uchun xizmat qiladigan ijtimoiy davlat sifatida rivojlantirishning muhim asoslaridan biriga, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlikni yanada mustahkamlashning kafolatiga aylanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillikning ilk kunlaridanoq mamlakatimiz o‘z oldiga inson manfaatlarini ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va har bir oila uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadini qo‘ygan edi. Bu borada o‘tgan yillar davomida katta tajriba to‘plandi, ammo zamon o‘zgarishi bilan ijtimoiy himoya tizimiga ham yangi yondashuv, yangi qon zarur edi.

Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar ijtimoiy sohani tubdan yangiladi. Eng muhimi, bu boradagi muammolar ochiq tan olindi, aholi bilan muloqot asosida ularni hal etishning yangi mexanizmlari yaratildi. Ya’ni ijtimoiy himoya umumiy yordam emas, balki aniq mezonlar asosida muhtoj insonga yetib boradigan manzilli tizimga aylandi. Qolaversa, bu tizim yordamga muhtoj aholi qatlamini faqat qiyin vaziyatdan olib chiqish bilan cheklanib qolmay, ularning hayot sifatini yaxshilash, imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyatning faol ishtirokchisi bo‘lishi uchun sharoit yaratishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish