Prezidentimizning Namangan viloyatida Xalqaro maqom san’ati anjumani ochilishida so‘zlagan nutqi bugungi kunda mamlakatimiz madaniy siyosati, ma’naviy tiklanish jarayonlari va milliy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib etish strategiyasining chuqur mazmun-mohiyatini namoyon etdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, maqom san’ati “millatning xotirasi, xalqning qalbi va asrlar osha yangrab kelayotgan ma’naviy ovozidir.” Bu ta’rif maqomning nafaqat estetik hodisa, balki sivilizatsion fenomen sifatida qaralayotganini anglatadi.
Darhaqiqat, UNESCO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan maqom san’ati Sharq musiqa madaniyatining eng yuksak namunalaridan biridir. Maqomda xalqning tarixiy tajribasi, teran tafakkuri, dardi va quvonchi mujassam bo‘lib, u avlodlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini bajaradi.
Yangi O‘zbekistonda maqom san’atini rivojlantirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ta’lim tizimida “musiqa maktabi – ixtisoslashtirilgan maktab – oliygoh” zanjiri orqali uzluksiz ta’lim imkoniyati yaratilgani, ijodiy birlashmalar tashkil etilgani va mahalla darajasida iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilayotgani muhim ahamiyatga ega. Bu yondashuv maqom san’atini faqat sahna san’ati sifatida emas, balki ijtimoiy-ma’naviy tarbiya vositasi sifatida ham rivojlantirishga qaratilganini anglatadi.
Bugungi kunda maqom san’atini raqamlashtirish va uning ilmiy asoslarini kuchaytirish masalasi ham juda dolzarb hisoblanadi. “Jahon maqom antologiyasi”ni yaratish, raqamli arxiv va mobil ilova ishlab chiqish, xalqaro raqamli kutubxona tashkil etish kabi tashabbuslar bu sohada global innovatsion bosqich boshlanayotganini ko‘rsatadi. Bu tashabbuslar maqom san’atini nafaqat an’anaviy shaklda, balki zamonaviy texnologiyalar orqali ham kelajak avlodlarga yetkazish imkonini beradi.
Yangi Toshkentda Maqom markazi va Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etish tashabbusi alohida e’tiborga molikdir. Bu markazlar nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda maqomshunoslik ilmini rivojlantiradigan yirik ilmiy-madaniy platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Xalqaro jamg‘arma va Maqom mukofotini ta’sis etish taklifi esa sohadagi ijodkorlar va olimlarni rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Maqom festivali ochilishida davlatimiz rahbari ilgari surgan bir qator tashabbuslar orasida “Shashmaqom”ning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha hududlarda “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshrutini yaratish g‘oyasi katta ahamiyatga ega. Jumladan, Buxoroda “Buzruk”, Samarqandda “Rost”, Xivada “Xorazm” va “Iroq”, Qo‘qonda “Navo”, Shahrisabzda “Dugoh”, Toshkentda esa “Segoh” maqomlari bo‘yicha turizm-tematik ko‘chalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yurtimizda Xalqaro maqom festivalining uchinchi bor o‘tkazilishi munosabati bilan davlatimiz rahbarining Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambliga milliy davlat ansambli maqomini berish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi. Ushbu yuksak e’tirof jamoaning ko‘p yillik samarali ijodi, milliy musiqa merosini asrab-avaylash va uni jahon miqyosida targ‘ib etish yo‘lidagi beqiyos xizmatlarining munosib qadrlanishi sifatida baholanadi.
Prezidentimiz nutqi maqom san’atini milliy madaniyatning asosiy ustunlaridan biri sifatida rivojlantirish, uni global madaniy maydonga olib chiqish va zamonaviy ilm-fan bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan keng qamrovli strategiyani aks ettiradi. Zero, maqom bugun nafaqat musiqiy an’ana, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro tushunish va ma’naviy yaqinlikni ta’minlovchi universal madaniy til sifatida namoyon bo‘lmoqda. Yangi O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslari uning jahon madaniy makonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.