Har yili mustaqillikka erishgan kun mamlakatimiz bo‘ylab eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida katta shodu xurramlik bilan nishonlanadi. Bu yil ham ushbu sanani ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashni xalqimiz intiqlik bilan kutmoqda.
Ushbu qutlug‘ va shonli ayyom xalqimiz uchun yangi tariximizdagi eng ulug‘ sanadir. Bu fursat tarix uchun qisqa davr bo‘lsa-da, unga osonlik bilan erishilgani yo‘q. Mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirdi.
Shu bois, mamlakatimizda, shu aziz yurt fuqarolari sifatida har birimizning shaxsiy hayotimizda, oilamizda, mahallamizda, mehnat jamoamizda yoki ilmiy-ijodiy faoliyatimizda yuz bergan o‘zgarishlardan quvonmaslik, g‘ururlanmaslikning iloji yo‘q.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlarga boqib, hayratga tushyapmiz. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib, xalqimiz turmush darajasining ortib borayotgani Prezidentimizning tinimsiz sa’y-harakati, jo‘shqin ish faoliyati, uzoqni ko‘ra bilishi va xalqchil, ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosati mahsulidir.
O‘tgan qisqa davrda iqtisodiyotni liberallashtirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini kuchaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildiki, bularni sanab adog‘iga yetolmaysiz.
Davlatimiz rahbarining mustahkam siyosiy irodasi tufayli tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda. Dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda.
Sohani rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
O‘n yil oldin boshlangan bu boradagi amaliy ishlar samarasi bugun mamlakatda tadbirkorlikning taraqqiy etib borayotgani, yangi-yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgani, aholining salmoqli qismi shu sohada mehnat qilayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 550 mingdan ortiq faol tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Xususiy sektor mamlakat yalpi ichki mahsulotining 80 foizdan ortiq qismini yaratmoqda. Shuningdek, mehnat bilan band aholining qariyb 75 foizi aynan xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu shunchaki statistika uchun keltirilayotgan raqamlar emas. Balki davlat rahbarining keyingi o‘n yilda bu borada olib borgan oqilona va qat’iy siyosatining amaliy natijasi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Eslasak, istiqlolning dastlabki yillarida tadbirkorlik asosan savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan cheklangan bo‘lsa, bugun sanoat, qurilish, logistika, axborot texnologiyalari, turizm, qishloq xo‘jaligi va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish sohalarida ham xususiy sektor yetakchilik qilmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyoti tarkibi sifat jihatidan o‘zgarayotganini yana bir bor namoyon etadi.
Yangi O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar ham o‘z samarasini bermoqda. Litsenziya va ruxsat berish tartiblari qisqartirildi, davlat xizmatlarining aksariyati elektron shaklga o‘tkazildi, soliq ma’murchiligi soddalashtirildi, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari kuchaytirildi. Bu o‘zgarishlar ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, investitsiya muhitini yanada jozibador qildi.
Tadbirkorlikning rivojlanishi faqat iqtisodiy o‘sish emas, balki aholi turmush darajasining yaxshilanishiga ham xizmat qilmoqda. Har bir yangi korxona - bu yangi ish o‘rinlari, har bir investitsiya loyihasi - mahalliy budjet daromadlarining o‘sishi, har bir muvaffaqiyatli tadbirkor esa yuzlab oilalarning farovon hayoti demakdir.
Ayniqsa, mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlar biznesini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar ijtimoiy ahamiyati bilan ajralib turadi. Imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va grantlar orqali minglab yangi biznes loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali vositalaridan biriga aylanmoqda.
Bugungi tadbirkor kechagi tadbirkordan mutlaqo farq qiladi. U raqamli texnologiyalardan foydalanadi, elektron tijorat orqali mahsulotini tashqi bozorlarga chiqaradi, innovatsion g‘oyalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etadi. Startaplar, IT-kompaniyalar va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarning ko‘payishi mamlakat iqtisodiyoti yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Mustaqilligimizning 35 yillik tarixi shuni isbotladiki, mamlakat taraqqiyotining haqiqiy mezoni tabiiy boyliklar emas, balki erkin inson, xususiy mulk va tadbirkorlikka yaratilgan imkoniyatlardir. Agar mustaqillikning dastlabki yillarida asosiy vazifa bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ustuvor maqsad – innovatsion, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni barpo etishdan iborat.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tadbirkor boy bo‘lsa – xalq boy bo‘ladi, xalq boy bo‘lsa – davlat ham qudratli bo‘ladi. Ana shu g‘oya bugungi iqtisodiy siyosatning bosh tamoyiliga aylanmoqda.
Bu yil mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” degan bosh g‘oya ostida munosib qarshi olmoqda. Bu qutlug‘ sana nafaqat tarixiy voqealarni eslash, balki mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘lini xolis baholash, amalga oshirilgan islohotlar samarasini tahlil qilish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda yuqorida birgina tadbirkorlik sohasida qilingan ishlarni umumiy ma’noda tilga oldik. Aslida qilingan ishlarni bitta maqolaga sig‘dirish qiyin. Chunki keyingi yillarda davlat rahbarining shaxsiy qo‘llab-quvvatlovi tufayli tadbirkorlik gurkirab rivojlanmoqda.
Umuman olganda, mamlakatimizdagi ortga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan bugungi xalqchil demokratik jarayonlar mustaqillik bergan eng katta ne’mat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, mustaqillik yillari, ayniqsa uning keyingi o‘n yilida amalga oshirilgan shiddatli islohotlar Vatanimiz uchun tom ma’nodagi uyg‘onish, tiklanish va yuksalish davri bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan, mustaqilligimizni asrab-avaylash, jondek aziz Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish har birimizning muqaddas burchimizdir.