O‘zbekiston va Belarus: o‘zaro do‘stlik va ishonchga asoslangan hamkorlik yangi bosqichda

So‘nggi yillarda O‘zbekiston qo‘shni va uzoqdagi davlatlar bilan do‘stona, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib bormoqda. Bunda MDH davlatlari bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Ular orasida Belarus Respublikasi muhim o‘rin egallaydi. Zero, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi masofa geografik jihatdan uzoq bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston va Belarus hamkorligi jadal rivojlanib bormoqda. Ikki do‘st mamlakat xalqlarini juda yaqin va umumiy jihatlar bog‘lab turadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 8–9-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lishi davlatlarimiz hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarishi, shubhasiz.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etish o‘rinli.

Tashrif kun tartibiga ko‘ra, ikki mamlakat Prezidentlari tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida o‘tkazgan muzokaralarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani e’tirofga molik.

O‘tkazilgan tadbirlarning eng muhim nuqtasi Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. Chunki ushbu hujjat mamlakatlarning uzoq muddatli milliy manfaatlari uyg‘unligiga asoslangan, o‘zaro ishonch, tenglik va manfaatdorlik tamoyillari asosida siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik, savdo, investitsiya, transport, energetika, ta’lim, fan va madaniyat sohalarida chuqur hamkorlik qilishini nazarda tutadi. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq hujjatlar imzolandi.

O‘ylaymizki, atomdan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha Belarus tajribasi ham mamlakatimiz uchun foydali hisoblanadi. Shu bois, tomonlar ushbu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Xalqaro munosabatlarda ham O‘zbekiston va Belarus do‘st davlatlar sifatida o‘zaro yordam berib keladi. Shu bois, tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, SHHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilishlarini bayon etdilar.

So‘nggi yillarda mamlakatimizning nufuzli oliygohlari Belarus universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu bois, tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish, ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbarining Belarus Respublikasiga tashrifi va o‘tkazilgan muzokaralar, erishilgan kelishuvlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, hududlarimiz farovonligi va iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Zero, ko‘p yillik do‘stona aloqalar zaminida shakllangan O‘zbekiston–Belarus hamkorligi ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va chuqur hurmatga asoslanganligi bilan ajralib turadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish