Asrga tatigulik yillar
Inson hayotida shunday muqaddas tushunchalar borki, ular vaqt o‘tgan sayin yanada qadrli bo‘lib boradi. Mustaqillik ana shunday bebaho ne’matdir. U xalqning erkin yashash huquqi, o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, milliy g‘ururi va kelajakka bo‘lgan ishonchining ramzidir. Istiqlol bu shunchaki tarixiy sana emas, balki millatning o‘tmishi, buguni va ertangi kunini bog‘lab turuvchi ma’naviy ko‘prikdir.
Aslida 35 yil tarix uchun uncha katta muddat emas. Lekin ana shu davr mobaynida mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, asrga tatigulik ishlar amalga oshirilganini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, keyingi o‘n yil mamlakat hayotida keng ko‘lamli islohotlar, ochiqlik siyosati, iqtisodiy liberallashuv va inson qadrini ulug‘lash tamoyili asosidagi tub burilishlar davri sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlandi.
Inson qadri har narsadan ustun
2017-yildan boshlangan islohotlar mamlakat taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga asos soldi. Hayotimizda sodir bo‘lgan, ayni paytda davom etayotgan o‘zgarishlar fikrimizni tasdiqlaydi. Davlat boshqaruvini takomillashtirish, sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash hamda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Qisqa vaqt ichida yuzlab qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, davlat xizmatlari tizimi tubdan takomillashtirildi. Bugun aholi va tadbirkorlarga elektron shaklda yuzlab davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu esa vaqt va mablag‘ni tejash, korrupsiya xavfini kamaytirish hamda davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil to‘laqonli ravishda davlat va jamiyat hayotiga chuqur singib ketdi, qat’iy qoidaga aylandi. Inson va uning qadri har narsadan ustunligi belgilandi. Avvalo, ushbu tamoyil yangilangan Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yildi. Ya’ni “davlat – jamiyat – inson” emas, balki “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirildi.
Yana bir muhim jihat, Bosh qomusimizning 1-moddasida O‘zbekiston ilk bor “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” sifatida qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu davlat siyosatining inson manfaatiga xizmat qilishini kafolatlaydi. Dunyo amaliyotida ijtimoiy davlat deganda, birinchi navbatda, bepul yoki arzon ta’lim, yuqori sifatli tibbiy xizmat, kambag‘allikka qarshi kuchli himoya tizimi tushuniladi. Shuningdek, mehnat bozorida hukumat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari hamkorligiga asoslangan “uch tomonlama model”, inklyuziv jamiyat va tenglik prinsiplariga ustuvor e’tibor qaratilgan bo‘ladi. Shunga monand tarzda mehnat, ijtimoiy himoya, uy-joy, tibbiyot, ijtimoiy nafaqa va yordam kabi qator huquqlar aniq belgilab qo‘yildi. Nafaqa va ijtimoiy ta’minot olish huquqi kafolatlandi, kambag‘allikka qarshi samarali choralar ko‘rish davlat zimmasiga yuklatildi.
Iqtisodiyotdagi yuksalish davri
Taraqqiyotning haqiqiy mezoni vaqt bilan emas, natija bilan o‘lchanadi. Chunki har bir islohot, har bir yangilanish, avvalo, mamlakat iqtisodiy qudratida, xalq farovonligida va insonlar hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Mustaqillikning keyingi o‘n yilligida O‘zbekiston iqtisodiyotida kuzatilayotgan yuksalishlar ham ana shu haqiqatning amaliy ifodasidir.
2017-yildan boshlangan yangi taraqqiyot bosqichi mamlakat iqtisodiy hayotida tub yangilanishlarga yo‘l ochdi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya uchun ochiq va jozibador muhit yaratish, tadbirkorlikka keng erkinlik berish hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga qaratilgan islohotlar yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirdi.
Bu o‘zgarishlarni raqamlar tili ham yaqqol ifodalaydi. Agar 2017-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 60 milliard AQSH dollari atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 145 milliard dollardan oshdi. Bu qisqa tarixiy davr ichida mamlakat iqtisodiy salohiyati qariyb ikki yarim barobarga yaqin kengayganini anglatadi.
Ammo bu raqamlar ortida shunchaki iqtisodiy o‘sish emas, balki yangilanib borayotgan yurt manzarasi ham mujassamdir. Yangi zavodlar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, energetika va transport infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan sarmoyalar, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalar — bularning barchasi iqtisodiy taraqqiyotning hayotiy ko‘rinishlaridir.
2025-yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgani ham islohotlarning izchil natijasi sifatida baholanadi. Ushbu o‘sishda sanoat, qurilish va xizmatlar sohasining faol rivojlanishi muhim o‘rin tutdi. Xususan, qurilish sohasida 14,2 foizlik, xizmatlar sohasida 14,7 foizlik va sanoat ishlab chiqarishida 6,8 foizlik o‘sish qayd etildi.
Iqtisodiyotning dunyo bilan integratsiyalashuvi ham yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025-yilda mamlakat tashqi savdo aylanmasi 81 milliard dollardan oshgani O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 43 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilgani mamlakatga bo‘lgan ishonch va uning iqtisodiy imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.
Albatta, taraqqiyotni faqat milliardlar va foizlar bilan baholab bo‘lmaydi. Uning eng muhim o‘lchovi ushbu sarmoyalar inson hayotida qanchalik aks etganida namoyon bo‘ladi. Chunki har bir yangi korxona ortida yangi ish o‘rni, har bir investitsiya ortida yangi imkoniyat, har bir iqtisodiy yutuq ortida esa xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsad mujassam.
Ta’limdagi izchillik
Bugun insoniyat raqamli inqilob va sun’iy intellekt asriga shiddat bilan kirib bormoqda. Bu esa bashariyat hayotini tubdan o‘zgartirmoqda, yangi imkoniyatlar va yangi sivilizatsion bosqichlarga yo‘l ochmoqda. Biroq ana shu ulkan o‘zgarishlar zamirida ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotmaydigan bir haqiqat mujassam. Ya’ni har qanday taraqqiyotning bosh manbai, har qanday yuksalishning hal qiluvchi kuchi insonning intellektual salohiyatidir. Demak, millatning ertangi kunini, mamlakatning raqobatbardoshligini bilimli va ma’naviy barkamol avlod belgilaydi. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Najot - ta’limda, najot - tarbiyada, najot - bilimda”dir.
Shu bois, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor mamlakatning ertangi taraqqiyotiga qaratilgan ulkan sarmoya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bugun maktab ostonasidan boshlangan ta’lim jarayoni nafaqat bir avlodning, balki butun mamlakatning kelajagini belgilaydigan muhim omilga aylanmoqda.
Keyingi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida yoshlarning bilim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Oliy ta’lim muassasalari soni qariyb ikki barobar oshib, 200 dan ziyodni tashkil etmoqda. Yangi davlat va nodavlat universitetlar, nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarining tashkil etilishi yoshlar uchun yangi bilim va tajriba eshiklarini ochdi.
Bu jarayon maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimida ham o‘z ifodasini topmoqda. Yangi bog‘cha va maktablarning barpo etilishi, ta’lim dasturlarining zamon talablari asosida yangilanishi, raqamli texnologiyalarning o‘quv jarayoniga kirib kelishi yosh avlodni yangi asr talablariga mos tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida mamlakatda ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 18,8 trillion so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga ko‘p.
Bu raqamlar oddiy statistika emas. Ular mamlakatda inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar oshib borayotganini, aholi ta’limni xarajat emas, balki kelajakka kiritilayotgan sarmoya sifatida qabul qilayotganini anglatadi.
Oqilona tashqi siyosat
2016-yil Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng O‘zbekiston tashqi siyosatida mislsiz faollik, o‘zgarishlar davri boshlandi, desak, mubolag‘a emas. Davlatimiz rahbari tashqi siyosiy faoliyatda ustuvor yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini shakllantirishni ustuvor vazifa etib belgiladi. Endilikda nisbatan qisqa davr ichida bu yo‘lda amalga oshirilgan ishlarni xalqaro hamjamiyat ham tan olyapti. Darhaqiqat, O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan 2017-yil davlat rahbarlari ishtirokida maslahatlashuv kengashi tashkil etilishi muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Bu orqali yetakchilar bevosita mintaqada yig‘ilib qolgan muammolar — iqtisodiyot, davlat chegaralarini aniqlash, xavfsizlik choralari, oziq-ovqat xavfsizligi, migratsiya kabi ko‘plab muhim sohalarda hal qilinmay yotgan muammolarni yechishga yo‘l ochildi. Masalalarga birgalikda yechim topish, qolaversa, har bir mamlakat milliy manfaatini inobatga olgan holda, mintaqada barqarorlik muhitini qaror toptirish, samarali tashqi siyosat olib borish takliflari ilgari surildi. 2018-yil mart oyida Ostona shahrida birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv sammiti bo‘lib o‘tdi. Shundan buyon davlat rahbarlari ayni formatda 6 marta uchrashdi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatni shunday tizimlashtirish, yondashuvlarni maqbullashtirish, yaqinlashtirish va birga harakat qilish nima uchun muhim, degan savol yuzaga chiqadi.
Birinchidan, O‘zbekistonda Markaziy Osiyoning deyarli yarim aholisi yashaydi. Shu bilan birga, ayni paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham iqtisodiy jihatdan o‘smoqda.
Ikkinchidan, mintaqaning barcha davlatlarida tug‘ilish o‘sishi sur’ati ijobiy.
Uchinchidan, dini, o‘tmishi bir bo‘lgan xalqlarimiz bir hududda yashab, ikki daryodan suv ichadi. Ulkan salohiyatga ega mintaqamiz dunyo hamjamiyatida iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan o‘z jozibasini namoyon etish imkoniyatidan unumli foydalanishi kerak.
Ayni ustuvor vazifalarni bajarish, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun qo‘shni davlatlar birga olib borayotgan amaliy harakatlar bugun samarasini bermoqda.
Mustaqillikning keyingi 10 yilida mamlakatimiz tashqi siyosatida yana bir masalaga jiddiy urg‘u berildi. Xususan, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining eng muhim jihatlaridan biri - tashqi siyosatning iqtisodiy mazmun bilan boyitilganidir. Bugungi kunda xalqaro munosabatlarda iqtisodiy omillar ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, O‘zbekiston ham o‘z tashqi siyosatini iqtisodiy manfaatlar bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Avvalo, strategiyada eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish vazifasi qo‘yilgan. Bu orqali diyorimiz yangi va istiqbolli bozorlarga chiqishni maqsad qilgan. Shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish orqali eksport sifat jihatdan ham yaxshilanishi ko‘zda tutilgan.
Ikkinchidan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada investitsiyaviy muhitni yaxshilash, huquqiy kafolatlarni mustahkamlash va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Uchinchidan, raqamli iqtisodiyot va innovatsion hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston global texnologik jarayonlardan chetda qolmaslik uchun xalqaro IT-kompaniyalar, startap ekotizimlari va innovatsion markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda yurtimiz o‘z tashqi siyosatida tub burilishlarni amalga oshirib, mintaqaviy va global maydonda faol, ochiq va pragmatik pozitsiyani shakllantirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik eng aziz, eng buyuk ne’mat. U tufayli barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Shunday ekan, istiqlolning qadriga yetib, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan hayotiy islohotlarning bardavom bo‘lishi uchun har birimiz ozmi-ko‘pmi o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yilligi shodiyonasi bilan chin qalbdan muborakbod etaman.