Har bir shaharning o‘tmishi va kelajagini bir-biriga bog‘lab turadigan o‘ziga xos xotiralari bo‘ladi. Poytaxtimizda ham shunday manzillar borki, ular haqidagi tasavvurlarimiz keyingi o‘n yilda butunlay o‘zgardi. Ana shunday hududlardan biri, shubhasiz, Sergeli tumanidir.
Tan olish kerak, bundan o‘n-o‘n besh yil muqaddam “Sergeli” tumani tilga olinsa, ko‘pchilikning xayoliga shaharning eng chekka, markazdan ancha uzoq hududi kelar edi. Ochiq aytganda, bu yerda ko‘pchilik yashashni ham unchalik istamas edi. Chunki u vaqtlarda bu yerga kelib-ketish oson emas edi. Infratuzilma yetarli darajada rivojlanmagan, ish o‘rinlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, dam olish maskanlari ham nihoyatda kam edi. Aksariyat aholi ishlash, o‘qish, davolanish yoki oddiy ehtiyojlarini qondirish uchun har kuni shahar markaziga qatnar edi.
Bugun vaziyat tamomila ijobiy tomonga o‘zgardi. Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan xalqchil va hayotiy islohotlar tufayli barcha hududlar qatori Sergeli tumani ham havas qilsa arzigulik darajada yangilandi. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida har bir inson qayerda yashashidan qat’i nazar, munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanganining amaliy natijasidir.
Bugun Sergeliga kelgan odam o‘n yil avvalgi manzarani deyarli topolmaydi. Yangi zamonaviy turar joy majmualari, ishlab chiqarish korxonalari, metro, keng ko‘chalar, bog‘lar, maktablar, tibbiyot muassasalari, savdo va servis markazlari xalq xizmatida. Bir vaqtlar shaharning chekka hududi deb qaralgan maskan bugun Toshkentning eng tez rivojlanayotgan tumanlaridan biriga aylangani ayni haqiqat.
Prezidentimizning Sergeli tumaniga tashrifi va shu yerda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida keltirilgan raqamlar ham ana shu o‘zgarishlarning tasodif emasligini, balki keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin namunasi ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, so‘nggi o‘n yilda Sergeli tumanida 30 ming xonadonli yangi turar joylar barpo etildi. Bu raqamlar ortida minglab oilalarning o‘z uyiga ega bo‘lgani, farzandlarining munosib sharoitda ulg‘ayishi, yuzlab yosh oilalarning yangi hayot boshlashi yotibdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu davr mobaynida umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari foydalanishga topshirildi. Buning natijasida Sergeli faqat yashash uchun emas, balki mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va daromad topish mumkin bo‘lgan zamonaviy hududga aylandi. Ilgari ish izlab shahar markaziga yo‘l olgan ko‘plab odamlar bugun o‘z tumanida mehnat qilmoqda.
Buni tadbirkorlik rivojida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Agar avval tumanda 2,5 ming nafar tadbirkor faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 6 ming 200 nafardan oshdi. Bu esa davlat tomonidan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorga ishonch bildirish va biznes yuritish uchun qulay muhit yaratilayotganining amaliy natijasidir.
Iqtisodiy faollikning ortishi budjet daromadlarida ham o‘z aksini topdi. Bir vaqtlar 382 milliard so‘mni tashkil etgan mahalliy budjet tushumlari bugun 2 trillion 200 milliard so‘mga yetdi. Qariyb olti barobarlik o‘sish kuzatilmoqda. Mazkur raqam ortida yuzlab yangi korxonalar, minglab ish o‘rinlari va aholining ortib borayotgan daromadlari mujassam. Eng muhimi, ushbu mablag‘lar yana xalqning o‘zi uchun, ya’ni yangi maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, yo‘llar va ijtimoiy obyektlar qurilishiga yo‘naltirilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bir vaqtlar aholi ishlash, davolanish, savdo qilish yoki dam olish uchun asosan shahar markaziga borishga majbur edi. Bugun esa bu ehtiyojlarning katta qismi tumanning o‘zida qondirilmoqda. Bu esa shu yerda istiqomat qilayotgan insonning vaqtini, mablag‘ini va imkoniyatlarini tejashga xizmat qilmoqda.
Ta’lim va tibbiyot sohasida amalga oshirilgan ishlar ham aholi hayotida sezilarli o‘zgarish yasadi. Maktablardagi o‘rinlar soni 25 mingdan 38,5 mingtaga yetdi. Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o‘rinlar ikki barobarga yaqin oshib, 15,5 mingtani tashkil qildi. 50 ta davlat va xususiy klinikaning tashkil etilgani esa tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tardi. Endi ko‘plab aholi avvalgidek markazga emas, o‘z tumanidagi zamonaviy tibbiyot muassasalariga murojaat qilmoqda.
Transport sohasidagi o‘zgarishlar ham Sergelining yangi qiyofasini belgilab berdi. Tumanni poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yangi yo‘l va 8 ta stansiyadan iborat metro liniyasi yuz minglab aholining og‘irini yengil qildi. Bugun bu metro nafaqat transport vositasi, balki hudud taraqqiyotining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.
Buni Prezidentimiz tomonidan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan yangi tashabbuslardan ham bilish mumkin. Metroning yer usti qismi ostida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish orqali yana 137 ta yangi biznes obyekti barpo etilishi, kamida 1–1,5 mingta ish o‘rni yaratilishi va mahalliy budjetga qo‘shimcha 20–25 milliard so‘m daromad kelishi kutilmoqda. Agar ushbu tajriba Yashnobod va Yangihayot tumanlariga ham tatbiq etilsa, 400 nafarga yaqin tadbirkor o‘z faoliyatini boshlab, qariyb 3 ming nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Bu raqamlar bir haqiqatni yuzaga chiqaradi. Ya’ni Yangi O‘zbekistonda infratuzilma faqat yo‘l yoki metro qurishdan iborat emas. Har bir qurilgan obyekt avvalo odamlar uchun yangi imkoniyat, tadbirkor uchun yangi biznes, mahalla uchun yangi ish o‘rinlari va davlat uchun yangi iqtisodiy o‘sish manbaiga aylanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyotni faqat qurilgan bino yoki raqamlar bilan baholab bo‘lmaydi. Asosiy mezon odamlarning turmush sharoiti qanday o‘zgarganidadir. Agar har bir inson o‘z mahallasida ish topsa, farzandi sifatli maktabda ta’lim olsa, zamonaviy shifoxonadan uzoqqa bormay foydalansa, dam olish uchun oilasi bilan bog‘ga chiqsa, bu rivojlanishning eng katta samarasidir. Bugun Sergelida aynan shunday muhit shakllanayotganini ko‘rib guvohi bo‘lish mumkin.
Shuning uchun ham bugungi Sergeli tumani rivojiga qaratilgan har bir raqam ortida minglab insonlar taqdiri, yuzlab oilalarning quvonchi, tadbirkorlarning yangi imkoniyatlari va yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam, desak yanglishmaymiz. Qisqa fursatda erishilgan mazkur o‘zgarishlar tasodifiy emas, balki Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaning hayotdagi amaliy ifodasidir.