Yoshlar - mamlakatning bebaho boyligi, jamiyat taraqqiyotining mustahkam tayanchi, O‘zbekistonning eng aziz xazinasi va oltin fondidir. Zero, har bir yurtning ertangi kuni, uning ravnaqi va istiqboli avvalo navqiron avlodning bilimi, dunyoqarashi, intilishi va ezgu maqsadlariga chambarchas bog‘liq.
Bugun yoshlarni zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalar bilan qurollantirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviyatli, vatanparvar va ezgu fazilatlar sohibi bo‘lgan komil insonlar etib voyaga yetkazish davrning eng muhim talablaridan biridir. Chunki ma’rifatli, tashabbuskor va mas’uliyatli yoshlar bor joyda taraqqiyot ham, yuksalish ham, kelajakka ishonch ham mustahkam bo‘ladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ezgu orzu-intilishlari, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
O‘tgan davrda yurtimizda yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Xususan, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun yurtimizda navqiron avlodning huquq va erkinliklarini ishonchli ta’minlash, ularning orzu-intilishlari va ezgu maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashda mustahkam huquqiy poydevor bo‘lmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham yoshlarga oid qator normalar o‘z ifodasini topgani, ayniqsa, alohida bir bobning oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani yurtimizda yoshlar huquqlarini himoya qilishga qanchalik e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 20-apreldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari - 2030” strategiyasi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mamlakat taraqqiyotida faol ishtirokini ta’minlashga zamin yaratmoqda. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda yoshlarga berilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasidir.
Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularni qonunchilik jarayoniga jalb qilishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Ushbu institut yoshlar va davlat organlari o‘rtasida samarali ko‘prik vazifasini bajarib, yosh avlodning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Barcha mahallalarda o‘g‘il-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, ularga ko‘makchi bo‘ladigan yoshlar yetakchilari korpusi shakllantirilgani, haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilingani esa yoshlar bilan ishlash tizimini yanada samarali tashkil etishga imkon bermoqda. Bu orqali ularning muammolari joyida o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda, iqtidor va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Izchillik bilan amalga oshirilayotgan faol islohotlar natijasida bilim olish, kasb-hunar egallash, til o‘rganish, ish topish va biznes boshlashda qiyinchilikka uchragan 1,5 million yoshning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal qilindi. Alohida dasturlar asosida esa jozibador biznes muhiti va imtiyozli resurslar tufayli yosh tadbirkorlar soni 5 karra ko‘payib, 287 mingdan oshdi.
Davlatimiz rahbari deyarli har bir ma’ruzalarida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish lozimligini bejiz ta’kidlamayapti. Chunki bilimli, kasbli va g‘ayratli yoshlar har qanday jamiyatning eng katta boyligi va taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.
Prezidentimizning har yili yoshlar bilan uchrashib, sohadagi dolzarb masalalarga yechim topish amaliyoti bugun o‘z samarasini bermoqda. Bu yil ham 30-iyun - Yoshlar kuni O‘zbekiston yoshlari hayotida yana bir unutilmas kun bo‘lib tarixga muhrlandi. Mamlakatimiz rahbarining tantanali marosimdagi ma’ruzasi nafaqat tadbir ishtirokchilari, balki keng jamoatchilik, ertamiz egalari qalbida ham yuksak quvonch, faxr va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Ayniqsa, qo‘lida kasbi bo‘lib, xalqaro talablar asosida yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlarga “kasb vaucheri”ni berish yo‘lga qo‘yilishi, har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari qoplab berilishi mutlaqo to‘g‘ri va oqilona qaror bo‘ldi. Bu orqali yoshlar zamonaviy mehnat bozori talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni egallaydi, xalqaro standartlar asosida malakali mutaxassis sifatida shakllanadi. Eng muhimi, ularning munosib ish topishi, daromadini oshirishi, yangi iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishi va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming ishsiz yoshlar xususiy o‘quv markazida kasb egallashi uchun bepul “vaucher” taqdim etilishi, shu yilning o‘zida “kasb vaucheri” va bepul “vaucher” tizimi uchun 120 milliard so‘m ajratilishi esa yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari zamonaviy kasblarni bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ularning ishga joylashib, yaxshi daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlar va keng imkoniyatlar yaratiladi.
Oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorga yosh mutaxassis uchun daromad va ijtimoiy soliq bir yil ichida 1 foiz etib belgilanishi ham, shubhasiz, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tezroq moslashtirish va birinchi ish joyiga ega bo‘lishiga amaliy ko‘mak berishga xizmat qiladi. Bu imtiyoz tadbirkorlar uchun oliy ma’lumotli yosh kadrlarni ishga qabul qilishda muhim rag‘bat bo‘lib, 200 mingga yaqin bitiruvchining bandligini ta’minlashga zamin yaratadi. Asosiysi, bu tashabbus yosh mutaxassislarning kasbiy tajriba orttirishi, o‘z sohasida malakasini oshirishi va iqtisodiy faolligini kuchaytirishga ham turtki beradi.
Bugun yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo‘yicha o‘nlab xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Ulardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun Yoshlar xablari tashkil etilishi esa yoshlar bilan ishlash tizimini yanada qulay, samarali va manzilli yo‘lga qo‘yishga imkon beradi. Bu orqali yoshlar o‘zlariga zarur bo‘lgan ma’lumot, maslahat va amaliy ko‘makni bir joyning o‘zida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Davlat va jamiyat boshqaruvida ham, biznesni rivojlantirishda ham, umuman, barcha sohalar taraqqiyotida salohiyatli yoshlarning o‘rni beqiyos. Muloqotda ilgari surilgan muhim tashabbuslar esa zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yurtimiz kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola biladigan, intiluvchan, serg‘ayrat va tashabbuskor avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.