Harbiy xizmatdan keyingi hayot: pensiya kafolatlari yagona qonunda belgilanmoqda

Harbiy xizmatchining pensiyasi uning ko‘p yillik xizmatiga beriladigan bahodir. Xizmat paytida jarohat olgan yoki vafot etgan harbiy xizmatchining oilasi uchun esa pensiya masalasi ijtimoiy himoyaning muhim qismiga aylanadi. Senat yalpi majlisida ma’qullangan qonun ushbu kafolatlarni yagona hujjatda tartibga solishga qaratilgan.

“Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda kimlar pensiya olish huquqiga ega ekani, xizmat yillari uchun, nogironlik hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini tayinlash shartlari belgilanmoqda. Pensiyani hisoblash, qayta hisoblash va to‘lash tartibi ham yagona qonun darajasida mustahkamlanadi.

Senatdagi muhokamada ta’kidlanishicha, bu sohadagi munosabatlar shu paytgacha asosan sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan hujjatlar va ayrim xalqaro kelishuvlar bilan tartibga solib kelingan. Yangi qonun pensiya ta’minoti qoidalarini O‘zbekistonning Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi asosida belgilashni nazarda tutadi.

Eng e’tiborli o‘zgarishlardan biri 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslarga taalluqli. Ular uchun pensiyani hisoblashdagi eng yuqori miqdor 75 foizdan 100 foizgacha oshirilmoqda. Bu qoida faqat kelgusida pensiyaga chiqadiganlarga emas, hozir pensiya olayotgan va kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar hamda xodimlarga ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

Qonun harbiy xizmatchilarning oila a’zolari huquqlariga ham alohida e’tibor qaratadi. Agar harbiy xizmatchi xizmat davrida halok bo‘lsa yoki o‘sha davrda olgan jarohati yoxud kasalligi oqibatida vafot etsa, uning oila a’zolarini boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlashga oid kafolatlar mustahkamlanadi.

Bizningcha, bu qonunning ahamiyati faqat pensiya miqdoridagi o‘zgarish bilan cheklanmaydi. Xizmat qilayotgan inson ham, uning oilasi ham qanday holatda qaysi pensiya tayinlanishini aniq bilishi muhim. Ayniqsa, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun qoidalarning tushunarli va bir xil qo‘llanishi katta ahamiyatga ega.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi. Uning amaliy natijasi pensiyalarni tayinlash va qayta hisoblash jarayonida belgilangan kafolatlar qanchalik izchil bajarilishida ko‘rinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish