“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan muhokama qilindi

Joriy yilning 6-avgust kuni Toshkent shahridagi Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov strategiya mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini belgilashini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, hujjatda nazarda tutilgan maqsadlar davlat organlari faoliyati bilan birga ta’lim muassasalari, mutaxassislar va fuqarolarning kundalik hayoti bilan ham bevosita bog‘liq.

Strategiyada inson qadrini yuksaltirish, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish, ta’lim va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Kambag‘allikni qisqartirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va hududlarni kompleks rivojlantirish ham shu maqsadlar qatoridan o‘rin olgan.

Uchrashuv davomida mazkur yo‘nalishlarning o‘zaro bog‘liqligiga e’tibor qaratildi. Xususan, sifatli ta’lim va kasbiy tayyorgarlik yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga xizmat qilsa, hududlarda yaratiladigan imkoniyatlar aholining turmush sharoitini yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega. Ishtirokchilarga strategiyada belgilangan vazifalar fuqarolar hayotida qanday aks etishi mumkinligi sodda va tushunarli misollar orqali izohlandi.

Natijalarni baholash va jamoatchilik nazorati

Muhokamada strategiyani amalga oshirish mexanizmlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Maqsadli ko‘rsatkichlar asosida natijalarni baholash, islohotlarning hududlardagi ijrosini kuzatib borish hamda davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari haqida ma’lumot berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilayotgan tahliliy va monitoring ishlari ham uchrashuv mavzularidan biri bo‘ldi. Strategiya mazmunini aholiga yetkazish bilan bir qatorda, belgilangan vazifalarning amalda qanday bajarilayotganini o‘rganish muhimligi qayd etildi.

Yoshlar va zamonaviy kasblar masalasi

Uchrashuvning savol-javob qismida institut professor-o‘qituvchilari va talabalari strategiyaning amaliy ijrosi bilan qiziqdi. Ayniqsa, unda yoshlarning o‘rni, ta’lim tizimini rivojlantirish va zamonaviy kasb-hunar egalarini tayyorlashga doir savollar faol muhokama qilindi.

Ochiq muloqot ishtirokchilarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi maqsadlarni o‘z faoliyati va ta’lim yo‘nalishlari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqish imkonini berdi. Tadbir yakunida strategiyada belgilangan vazifalarning mazmuni, ularni amalga oshirish tartibi va kutilayotgan amaliy natijalar yuzasidan fikr almashildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish