Har yili 27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida ushbu soha vakillari sha’niga iliq so‘zlarni aytamiz. Ularni qutlab, fidoyiligini e’tirof etamiz. Ammo bir mulohaza doim kishini o‘ylantiradi. Haqiqatni aytish, yozish, xolis axborot tarqatish oson ish emas. Shuning uchun ham jurnalistning noni qattiq, deb bejiz aytishmagan.
Chunki jurnalistika kabinetda o‘tiradigan kasb emas. Bu hayot bilan yuzma-yuz kelish, jamiyatning og‘riq nuqtalarini his qilish, odamlarning dardu tashvishi haqida qayg‘urish, har qanday voqea-hodisalarning qaynoq nuqtasida bo‘lish demakdir. U voqealar ortidagi haqiqatni izlaydi, jamiyat ko‘rmayotgan jihatlarni ko‘rsatishga intiladi. Bir maqola orqali yillar davomida yechim topmagan muammo hal bo‘lishi, bir chiqish sabab butun boshli tizim harakatga kelishi mumkin. Shuning uchun ham jurnalistika hamisha mashaqqatli, biroq sharafli kasb sifatida e’tirof etiladi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida OAV sohasi bilan bog‘liq muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Eng avvalo, ochiqlik siyosati davlat boshqaruvining muhim tamoyiliga aylandi. Ilgari jamoatchilik uchun yopiq bo‘lgan ko‘plab masalalar bugun ommaviy muhokamaga qo‘yilmoqda. Davlat idoralari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, aholi murojaatlariga munosabat bildirish, muammolarni ochiq muhokama qilishga bo‘lgan talab kuchaydi.
Bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, albatta. Ularning zamirida erkin fikrga ehtiyoj, jamiyatning ochiq muloqotga intilishi mujassamdir. Ana shu jarayonda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar muhim o‘rin tutmoqda, desak adashmaymiz. Ular davlat bilan xalq o‘rtasidagi ishonch ko‘prigiga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, hududlardagi muammolarni ko‘tarish, aholini qiynayotgan masalalarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, mansabdorlarni javobgarlikka chaqirishda jurnalistikaning ta’siri yaqqol sezilmoqda. Bugun biror masala matbuot yoki ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilsa, unga munosabat bildirish davlat tashkilotlari uchun odatiy amaliyotga aylandi. Bu esa ochiqlik muhitining jadal shakllanayotganidan dalolat beradi.
Mazkur yangilanishlar jarayonida bevosita davlatimiz rahbarining o‘zi turgani barchamizning qalbimizda katta faxr uyg‘otadi. Ayni damda bu barchamiz zimmasiga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini nishonlash shunchaki rasmiy tadbir emas, balki so‘z erkinligi tamoyillariga sodiqlik, ochiqlik va oshkoralik sari qo‘yilgan dadil qadamlar e’tirofidir. Bu OAVning chinakam “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida e’tirof etilishi, jurnalistlarga katta ishonch bildirilishi va mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishda ularning o‘rni beqiyos ekanining yorqin ifodasidir.
Fursatdan foydalanib, barcha matbuot va ommaviy axborot vositalari sohasida mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz.