Ijtimoiy himoyaga muhtoj inson uchun yordamning mavjudligi bilan birga, unga qayerda va qanday tartibda murojaat qilish mumkinligi ham muhim. Senatning 17-yalpi majlisida ma’qullangan “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun aynan shu jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, ijtimoiy ish faqat ijtimoiy himoya tizimi bilan cheklanmaydi. U tibbiyot, ta’lim, bandlik, sud va huquq-tartibot organlari, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida ham tashkil etiladi. Bu turli sohalarda yordamga muhtoj shaxslar bilan ishlashning huquqiy asoslarini belgilaydi.
Hujjatda shaxs yoki oilani ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topish, ularga xizmat va yordam ko‘rsatishni boshlash hamda tugatish asoslari nazarda tutilgan. Ijtimoiy xizmatlar qayerda va kimlar tomonidan ko‘rsatilishi, bu faoliyat qanday moliyalashtirilishi ham qonunda aks etgan.
Ijtimoiy ish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilanmoqda. Vazirlar Mahkamasi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari ham aniq ko‘rsatilgan. Mahallalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarning bu jarayondagi ishtiroki ham mustahkamlanmoqda.
Qonun ijtimoiy xodimlarning maqomi, ijtimoiy muhofazasi va faoliyatiga doir cheklovlarni ham qamrab oladi. Senatorlarning fikricha, ushbu normalar ehtiyojmand aholiga xizmat ko‘rsatish tizimini izchil tashkil etish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.