Oʻzbekiston – millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik yurti

12.07.2026 12:34
2631

Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan turli millat va elat vakillari tinch-totuv, hamjihat yashab kelayotgan davlat sifatida eʼtirof etilmoqda. Mamlakatimizda inson qadri, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab qoʻyilgani bejiz emas.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda turli diniy konfessiyalarga mansub fuqarolar bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ular uchun oʻz ona tili, milliy qadriyatlari, urf-odatlari va madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish borasida barcha huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilgan.

Konstitutsiyamizda barcha fuqarolarning millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqa belgilaridan qatʼi nazar qonun oldida tengligi mustahkamlab qoʻyilgan. Bu tamoyil mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim asoslaridan biri hisoblanadi. Amalda ham har bir insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash, uning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Milliy madaniy markazlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, turli xalqlarning milliy bayramlari va anʼanalarini keng nishonlash, taʼlim muassasalarida bir nechta tillarda taʼlim olish imkoniyatining mavjudligi mamlakatimizda millatlararo munosabatlarning yuksak madaniyati shakllanganini koʻrsatadi. Bu esa jamiyatda oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida inson manfaati, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar yanada izchil davom etmoqda. Bu jarayonda millatidan qatʼi nazar har bir fuqaro mamlakatimiz taraqqiyotining teng huquqli ishtirokchisi sifatida oʻz oʻrniga ega.

Millatlararo totuvlik – bu shunchaki shior emas, balki yurtimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining mustahkam poydevoridir. Bugungi kunda mamlakatimizda yaratilayotgan teng imkoniyatlar, ijtimoiy himoya tizimi, taʼlim va mehnat qilish sohasidagi keng sharoitlar har bir insonning oʻz salohiyatini namoyon etishiga xizmat qilmoqda.

Albatta, tinchlik va hamjihatlikni saqlash – barchamizning umumiy burchimizdir. Zero, turli millat vakillarining oʻzaro hurmat va hamjihatlikda yashashi, yagona Vatan taqdiri uchun masʼuliyatni his qilishi mamlakatimiz kelajagining eng muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi.

Biz bundan keyin ham mamlakatimizda millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va insonparvarlik tamoyillarini yanada mustahkamlash, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashimiz lozim. Chunki tinch va ahil jamiyatgina barqaror taraqqiyot va xalq farovonligini taʼminlay oladi.

Gulnora Marufova
Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a'zosi


Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish