Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun koʻrib chiqilib, senatorlar tomonidan maʼqullandi. Hujjat investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy kapitalni jalb etish va zamonaviy moliyaviy infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun ilgari Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilingan va takliflar bilan Qonunchilik palatasiga qaytarilgan edi. Undan keyin senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi ish boshladi. Komissiya manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilib, hujjatni qayta ishlab chiqdi.
Konstitutsiyaviy Qonun Toshkent xalqaro moliya markazining alohida hudud sifatidagi maqomini va faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilaydi. Shuningdek, markaz hududida xalqaro investorlar uchun moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan normalar ham kiritilmoqda.
Qonunga koʻra, Moliya xizmatlari boshqarmasi moliyaviy va qoʻshimcha xizmatlar faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish, nazorat qilish hamda majburlov choralarini qoʻllash uchun masʼul boʻladi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi esa oʻz yurisdiksiyasiga kiruvchi nizolarni sud tartibida hal etish va sud maʼmuriyatchiligi boʻyicha mutlaq vakolatlarga ega boʻladi.
Ishtirokchilar uchun qulayliklar
Hujjatda Moliya markazi ishtirokchilari uchun quyidagi imkoniyatlar nazarda tutilgan:
- - chet ellik mutaxassislarni mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma olmasdan ishga qabul qilish;
- - Moliya markazi shaxsi hisoblangan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga besh yilgacha muddatga kirish vizasi berish.
Senatorlar chiqishlarida Konstitutsiyaviy Qonun kapital bozorini rivojlantirish va investitsiya oqimini kengaytirish uchun muhim huquqiy asos boʻlishini taʼkidladi. Ularning fikricha, Toshkent xalqaro moliya markazi jahonning yetakchi moliya markazlari tajribasiga tayanib tashkil etiladi va boshqariladi. Bunda huquqiy aniqlik, tartibga solishni oldindan koʻra bilish, sud mustaqilligi hamda investorlarni jalb etish va himoya qilish kafolatlanadi. Shu tariqa markaz Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.