Inson uchun munosib sharoit yaratgan davlatning mustaqilligi mustahkam bo‘ladi

30.08.2026 12:34
6840

Har bir mamlakat tarixida shunday davrlar bo‘ladiki, u faqatgina yillar bilan emas, balki ana shu yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarning inson va jamiyat hayotiga ta’siri bilan baholanadi.

Bundan roppa-rosa 35 yil ilgari O‘zbekiston o‘z davlat mustaqilligini e’lon qilib, o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘tgan muddat davomida milliy davlatchilik asoslari, davlat institutlari va huquqiy tizim shakllantirildi, mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi mustahkamlandi.

Mustaqillikning siyosiy poydevori huquq bilan barpo etilsa, uning hayotiy mazmuni iqtisod, texnologiya, ijtimoiy institutlar va jamiyat tafakkurida qaror topadi. Ana shu omillar uyg‘unlashgandagina mustaqillik qog‘ozdagi maqom emas, balki jamiyat hayotida seziladigan, davlat taraqqiyotini belgilaydigan real kuchga aylanadi. Shu ma’noda so‘nggi 10 yilda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ana shu bir butunlikni ko‘rish mumkin.

Qilingan ishlarni birma-bir sanasak, adog‘iga yeta olmaymiz. Xususan, odamlarni qiynab kelgan og‘riqli, ta’bir joiz bo‘lsa, alamli masala - valyuta bozori erkinlashtirildi, tadbirkorlik va investitsiyalar uchun imkoniyatlar kengaydi, iqtisodiyot hajmi sezilarli darajada o‘sdi, ijtimoiy himoya tizimi esa yangicha yondashuvlar asosida takomillashmoqda.

Bugun O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida iqtisodiy o‘sishning o‘zi emas, balki uning sifati va inson imkoniyatlarini kengaytirishga ta’siri ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, mamlakatdagi islohotlar endi faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirishga emas, balki yuqori unumdor ish o‘rinlari yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, mahalliy biznesning raqobatbardoshligini kuchaytirish va ilmiy salohiyatni innovatsion mahsulotlarga aylantirishga ko‘proq yo‘naltirilmoqda.

XX asrda davlatlarning qudrati ko‘p jihatdan tabiiy resurslar, sanoat va hududiy imkoniyatlar bilan belgilangan bo‘lsa, XXI asrda inson kapitali va texnologik salohiyat tobora hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, robototexnika, biotexnologiya va yangi energetika jahon iqtisodiyotining yangi qoidalarini shakllantirmoqda.

Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotida eng muhim vazifalardan biri — resurslarga tayangan iqtisodiyotdan bilim, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tishdir.

Istaymizmi-yo‘qmi, bu jarayonni ilm-fansiz tasavvur etish qiyin. Ya’ni yuqoridagi vazifalar amalga oshishi va xalqimizga manfaat keltirishi uchun maktab mustaqil fikrlaydigan shaxsni tarbiyalaydigan muhitga, universitet esa nafaqat mutaxassis tayyorlaydigan, balki yangi bilim va texnologiyalar yaratadigan markazga aylanishi kerak. Ayniqsa, mehnat bozori tez o‘zgarayotgan sharoitda insonning bir marta kasb egallashi emas, butun umr davomida bilim va ko‘nikmalarini yangilab borish imkoniyati strategik ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Oliygo‘hlarda o‘qish uchun qulay sharoitlar kengaytirilgani hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Bunday ulkan o‘zgarish va yutuqlar, shubhasiz, istiqlol yillarida, ayniqsa, oxirgi o‘n yilda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yosh avlodning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik erishilgan natija bilan cheklanib qolmaydigan, har bir avlod zimmasiga yangi vazifalar qo‘yadigan uzluksiz jarayondir. Shu ma’noda iqtisodiyoti baquvvat, ilmiy salohiyati va texnologiyasi rivojlangan, inson uchun munosib sharoit yaratgan davlatgina mustaqilligini yanada mustahkamlay oladi. Demak, mustaqillikni asrashning eng ishonchli yo‘li - uni har kuni yangi yutuqlar, yangi imkoniyatlar va inson manfaatiga xizmat qiladigan amaliy natijalar bilan boyitib borish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish